Halloj Husayn Ibn Mansur
Halloj Husayn Ibn Mansur (858— 922) — tasavvufyaati oʻta soʻl oqimning yirik vakili. Gʻoyaviy jihatdan qarmatlarta yaqin boʻlgan. Tur, Baydo, Basra, Bagʻdod shaharlarida bilim olgan. Musulmonlarning ayrim odatlariga va shariatning baʼzi qoidalariga zid fikrlar aytgan. islomning Alloh toʻgʻrisidagi tavhid aqidasiga zid ravishda xudo insonda namoyon boʻladi, inson va umuman moddiy olam xudoning jilolanishi, „Men haq (xudo) man („Ana-l-haqq“), mening oʻzligim — xudoning oʻzligidir“, degan fikrni ilgari surgan va bu fikr bilan vahdati-vujud taʼlimotiga yoʻl ochgan. Husayn oʻz gʻoyalarini Oʻrta Osiyo, Hindiston, Iroq va boshqa mamlakatlarda targʻib qilgan va muxlislar orttirgan. Shariat peshvolari Husaynni bidʼatchilikda va shakkoklikda ayblab, qatl etishga hukm chiqarganlar.
- Hallojiylik tariqati va uning o`ziga xos xususiyatlari.
Butun dunyoda keng shuhrat topgan va yuksak ma’naviy nufuzga erishgan ulug` mutasavvuf Mansur Halloj o`zining “Anal-Haq” (Men Haqman) g`oyasi bilan tanilgan siymodir.
Halloj umri davomida faqat haq va haqiqat g`oyasi bilan yashagan. Chunki, haqiqatga erishgan joyda yangi olam, hayot barq uradi. Ammo bu yo`l nihoyatda mashaqqatli hisoblanadi. Shu sababli Mansur Halloj va unga o`xshagan tasavvuf ahllari boshdanoq qattiq qarshilikka uchragan , bir-biridan og`ir, qiynoqli sinovlarga duch kelgan.
Ma’lumki, tasavvuf arabcha –“ jundan qilingan kiyim, po`stin, kiyim; so`fiylik ” degan ma’nolarni anglatadi. Islomda insonning ruhiy dunyosi to`g`risidagi , uni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yo`llovchi ta’limot, diniy e’tiqod, so`fiylik sanaladi. [6, 69]
Tasavvuf olami to`xtovsiz ravishda – Tariqat, Ma’rifat va Haqiqat darg`alari bilan boyib, kuchayib borgan. Vaqt o`tishi bilan bashariyat islom tasavvufiga boshqacha qiziqish, o`zgacha ehtiromda qaray boshladi. Tasavvufda joriy qilingan ma’naviy-ruhiy tajribalar, eng avvalo , diqqatni insonga qaratar, uni o`zining ilohiy mohiyatini mushohada etishga ilhomlantiradi. Tasavvuf insonning Ollohga tobeligiga alohida urg`u berarkan, insonning insonga qaram va muhtojligi tushunchalarini tubdan isloh aylashni ham targ`ib qilardi. Bu gap hurriyat, erkinlik, tenglik kabi aqidalarga ham daxldor edi. Buyuk tariqatchilarning birlari nafs, ruh va qalb tasfiyasidan bahs yuritardi. Nafsini tanigan- Rabbini tanir, degan haqiqatga qiziqish bag`oyat ommalashib borardi [ 44,5] .
Bir qancha fan sohalarining o`zaro yaqinlashishi , ular orasida o`ziga xos “ko`prik”ning yuzaga kelishi tasavvuf natijasidir. Bu fanlar doirasiga falsafa, din, mantiq, adabiyot, musiqa kabi sohalar kirar edi. Ammo shunga qaramay, ayrim masalalar xususida tortishuvlar , muammolar paydo bo`lar edi. Shu kurashlar girdobida qolib, uning qurboniga aylanganlardan biri mutasavvuf , mutafakkir siymo Mansur Halloj edi.
Abuma’fib Abdullo binni Ahmad binni Abutohir Mansuri Halloj milodiy 857-yilda (hijriy 224) Eronning Boyzo (ba’zi sarchashmalarga ko`ra Tur) mavzeida tug`ilgan. Garchi, Halloj tavallud topgan o`lka haqida turli taxminlar bo`lsa-da, ko`pchilik olimlar u tug`ilgan o`lkani Boyzo deya e’tirof etadilar. Uning Halloj (halloj- paxta tozalovchi, paxta yigiruvchi) deb atalishiga sabab, u bir kuni paxtani chigitdan ajratib o`tirgan do`stiga iltimos bilan bir ish aytadi. U rozi bo`lib ketgach , Mansur men do`stimning tirikchiligini zoye qildim, agar ishga buyurmaganimda ushbu yumushni tugatgan bo`lurdi, deb karomat bilan qo`lida ishora qilib bir qancha miqdor paxtani chigitdan ajratib qo`yadi. Shundan keyin u “Halloj” deb atala boshlanadi.
Alisher Navoiy hazratlari ham “Nasoyim ul-muhabbat” asarlarida shunday fikrlarni keltirganlar: “…Kuniyati Abulg`ayz Forsning Bayzosidindur. Avval Halloj emas erdi. Bir halloj do`konida erdikim, aning do`sti erdi. Ani bir ishga yibordi. Ko`ngliga o`ttiki, aning ro`zg`oin zoye qildim. Barmog’i bila ishorat qildi: momug` chigitdan ayrildi. Ango bu jihatdin Halloj ot qo`ydilar…” [12,105].
Bobosi Muhammad ismli bir majusiy bo`lgan ekan. Hallojning bolaligi Boyzoda kechadi. Mansur Halloj Qur’oni Karimni o`n ikki yoshida to`la xatm qiladi (yod oladi). Ahli sunna val jamoa tarkibidagi ( Hanafiya, Shofe’iya, Hanbaliya, Molikiya) to`rt mazhabda o`z azimati bilan amal qiladi (bu mazhablarga xohlaganiga amal qilish faqat ijtihodchilarga-dindagi komil olimlargagina ruxsat beriladi). Mansur Halloj hayoti davomida ko`plab shayxlarga murid bo`lgan. Sahl ibn Abdullo Tustariy, Abu Abdullo ibn Umar ibn Usmon Makkiy, Junayd Bag`dodiy singari shayxlar shular jumlasidandir. O`n sakkiz yoshida Tustarga kelib, ikki yil Abdullo Tustariyning qo`lida ta’lim olgan. Usmon Makkiy xizmatida sakkiz yil tahsil ko`rgan. Basra, Bag`dod, Iroq kabi shaharlarga borib ilm o`rgangan. Bag`dodda Shibliy ,Junayd Bag`dodiylar bilan hamsuhbat bo`lgan.
Ko`rinadiki, Mansur Halloj hayoti davomida bir qancha shaharlarga borib ilm o`rgangan hamda kamolotga , komillikka erishish yo`llari, sir-u asrorlarini mukammal egallagan. Shu davrlar mobaynida tasavvuf bosqichlarini bir-bir bosib o`tadi. U Tustar, Bag`dod, Basra, Makka, Ahvoz, Sind, Mo`lton, Kashmir, Xuroson va Movarounnahrning ko`p shaharlari, Buxoroda ham bo`lib, u yerdagi madrasalarda ma’vizalar (ma’ruza) qilgan. Ammo uni sanoqli shayxlardan tashqari hech kim tushunmaydi.
Taxminan o`n ikki yoshda ekan, Mansur Bayzodagi mashhur bir darvesh bilan uchrashadi. Qisqa fursatli suhbatda darvesh uning ko`nglida unutilmas taassurot paydo etadi. Undan eshitgani rivoyat esa Mansurning xotirasiga muhrlanib qolgan edi.
Yosh bir yigit Qur’on qiroatida zo`r mahorat kasb etibdi. Buni eshitgan bir shayx o`sha yigitni axtarib topibdi.
- Menga xabar yetdikim, sen tunlaringni ham Qur’oni Karim oyatlarini tilovat qilish bilan o`tkazar emishsan. Shundaymi?
- Ha, xuddi shunday,- debdi o`spirin.
Shayx aytibdi:
- O`g`lim, bugun tunda meni tasavvuringda hozir tut va namozda Qur’onni menga o`qiyotganday o`qigil!
Albatta, yigit rozilik bildiribdi. Ertasi kuni Shayx yana yigitning huzuriga kelibdi.
- Xo`sh , mening aytganimni qildingmi?- deb so`rabdi u.
- Ha , qildim. Biroq Qur’onning yarmini qiroat aylashga ham kuchim yetmadi. Negadir meni boshqacha holat ta’qib eta boshladi,- debdi qori yigit.
- O`g`lim, unday bo`lsa, Qur’onni shaxsan hazrati Payg`ambarimizdan tinglagan as’hobdan qaysi birlarinidir ko`z o`ngingga keltirib, unga o`qigil. Ammo ehtiyot bo`l, ular Qur’on o`qishingni eshiturlar. Tilovatda oyog`ing kuymasin.
- Inshoolloh, xuddi shunday qilurmen, ustoz.
Shayx ertasiga yigitni yana so`roqlab kelganda, savol- so`roqni kutmasdan u debdi:
- Ustoz, butun tun mobaynida Qur’onning to`rtdan birini qiroat qilishga ham kuch-madorim yetmadi.
- Unda, -debdi Shayx,- bu kecha Qur’onni xayolan hazrati Payg`ambarning o`zlariga o`qigil.
Boz oqshom kechib, subh kelibdi. Ular uchrashishibdi. Yigit Shayxga endi Qur’onning bir juz’idan ortig`iga kuch topmaganini aytibdi. Shayx undan buning sababini so`raganida aniq javob bera olmabdi. Shayx yana topshiriq beribdi:
- Bu kecha yaxshilab tayyorgarlik ko`rgil. Qur’onni xuddi Jabroil qoshida o`qiyotganday o`qigil!
Yigit obdon hozirlik ko`ribdi. Biroq qancha urinmasin, bor-yo`g`i bir necha oyatni o`qishdan nariga o`ta olmabdi. Buni eshitgan Shayx navbatdagi ko`rsatmani beribdi:
- Bolam, tun kirishi bilan Ollohga tavba-tazarru etgil. Va bilki, Uning huzurida bo`lursen. Uning kalomini O`ziga o`qursen. Bag`oyat tadbirli bo`l. Zero, Qur’on o`qishdan maqsad ma’no va mohiyatga sho`ng`imoqdir…
Yana bir tun o`tibdi. Ertasi kuni yigitning holini bilish uchun Shayx boshqa birovni jo`natibdi. U kelib ko`rsaki, yigit xastalanganmish. Oradan bir kun o`tkazib Shayx uni ko`rgani kelganida ko`zlaridan yoshlar oqizib yigit shunday so`zlarni aytgan ekan:
- Ustoz, Olloh sizga ko`pdan-ko`p xayr-u ehson ato qilsin. O`tgan kecha men o`zimning bir yolg`onchi ekanligimni bildim. Shu vaqtga qadar yanglish va yolg`ondan Qur’on tilovat qilib yurganimni angladim. Haq huzurida Qur’on tilovat qilayotganimni tasavvur etarkanman, behad g`arib bir holga tushdim… Hatto “Iyyaka na’budu” deyishdan uyaldim. Chunki U mening so`zimda yolg`on borligini bilardi… [44,9].
Mansur Halloj muridlariga ushbu hikoyatni naql qilib, ular tanlagan yo`l, ya’ni Qur’on mohiyatiga yetish, unig sir-asrorini o`zlashtirish naqadar mashaqqatli ekanligini ta’kidlardi. U barcha savollariga javobni, dunyodagi boqiy go`zallik va latofatning tamalini Qur’ondan topgan va o`rgangan edi.
Rivoyatlarga qaraganda, Halloj Junayddan qattiq imtihon tarzida masala so`raydi. Junayd og`rinib:
-Yaqin orada seni dorga osgaylar va go`shtingni parcha-parcha qilib, o`tda yoqqaylar, -deydi. Halloj javoban:
-Meni dorga osishadigan kuni sen suratingni o`zgartirib, boshqa kiyimlar kiygaysan va mening qatlimga fatvo bergaysan,-deydi.
Junayd hayratlanib qoladi. Haqiqatan, taqdir shundoq bo`ladi. Qazo-qadar vaqti kelib Bag`dod shahrining ulamolari uning qatliga fatvo yozadilar va Junaydga ham yozib imzo chek,-deydilar. Junayd so`fiylar libosini yechib, ulamolar kiyimini kiyib, fatvoga imzo chekib aytadiki: “Biz uning zohirini hukm qilurmizkim, qatl qilinguvchidir, botinini esa Alloh bilur”. Mansur Halloj Junayddan savoliga javob ololmay ( undan ijozat so`ramay) Tustarga, u yerdan chiqib , Ahvoz, so`ng Makkaga kelib ikki yil mujovirlik ( hojilarga suv beradigan, ularni yetaklaydigan) qiladi. [4,3]
Yana bir manba, ya’ni Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns” asaridagi bir hikoyatda naql qilinishicha, Mansur Halloj yetmish muridi bilan bir tunda Bayti Makdisga yetib boradi. Qarashsa, hammayoq zim-ziyo, qandillar o`chgan. “Bu qandillar qachon yonadi?”- deb so`rashganda, “saharga yaqin”, deyishibdi. Shunda Halloj “Sahargacha hali ancha vaqt bor-ku”, deya shahodat barmog` bilan ishorat qilib “Olloh” deganida to`rt yuz qandil birdaniga charog`on bo`lib ketgan ekan. O`sha yerdagi rohiblar undan “ Sen qaysi dindansan?” deb so`raganlarida , “Hanafiy mazhabidanman. Muhammad alayhissalom ummatiman. Hanafiylarning ham eng kichigiman…” deya javob bergan ekan. [44,5]
Mansurning bu so`zlaridan ko`rinadiki, u o`z diniga , ya’ni islomiyatga nihoyatda sadoqatli, qalbida bu dinga bo`lgan buyuk ehtirom, muhabbat jo`sh uradi. Bu uning rohiblarga bergan javobida yaqqol ko`rinadi.
U “Anal-Haq” (Haqman, ya’ni Xudoman ) deydi. Ammo bu iborani u qachon va qayerda tilga olgan? Bu savolga hozirgacha aniq javob topilgan emas. Ayrim tadqiqotchilar Halloj “Anal-Haq” demagan , uning o`limiga “Tavosin”dagi ba’zi so`zlari sabab bo`lganini aytishgan [44,16].
Bundan ko`rinadiki, dushmanlari uning fikrlarini, g`oyalarini buzib, asl mohiyatini noto`g`ri talqin qilishgan.
Farididdin Attor “Tazkirat ul-avliyo” da: “…Endi men ajablanurman ul kishigakim, bir daraxtdan “Anal-Haq” chiqsa, ravo tutar (mumkin der), holbuki, u yerda daraxt yo`q, so`zlagan Haqdir! Husayn Mansur Hallojning vujud daraxtidan “Anal-Haq” chiqsa, ravo tutmaslar, holbuki , Husayn u yerda yo`q, so`zlagan Haqdir. Nechukkim, hazrati Payg`ambar (s.a.v.) marhamat etarki: Haq taolo Umar tili bilan so`z so`zlar. U yerda (Mansur vujudida ) na mulhidning (Xudoga munkir bo`lgan dahriyning), na boshqaning so`zi bordir.”
Fariduddin Attor ta’kidlaganidek, bir daraxt tilga kirib, undan “Anal-Haq” degan ovoz kelsa, barcha hayratlanadi, ammo bu Haqning ishi, uning so`zlari deydilar.Daraxt bir vosita. Shu so`zlarni Husayn Mansur Halloj aytgan edi, barcha hayratlandi. Bu safar uni daraxt singari ko`rmadilar.Uning bu so`zlaridan darg`azab bo`ldilar.Ayrim so`fiylarni hisobga olinmaganda, shariatchilar, tariqat ahli, ahli davlat ham uni xush ko`rmasdi.Payg`ambar hazratlari aytadilar: “Haq taolo Umar tili bilan so`zlaydi. U yerda (Mansur vujudida ham, daraxt tanasida ham) na mulhidning , ya’ni Xudoga munkir kelgan dahriyning , na boshqaning so`zi bor”. Oddiy haqiqatni tushunib yetmagan ahli donish , xalq, Makkiy, Nahrjuriy, Junayd Bag`dodiy kabi bir vaqtlar unga yaqin bo`lgan insonlar ham undan yuz o`girganlar. Halloj tamoman yakkalangan. Turli tomonlardan uning g`arib boshiga ta`na, malomat toshlari yog`iladi.
Ko`plab shayxlar Mansur Hallojni e’tirof etib , do`st bo`lib, uni o`zlariga yaqin tutgan bo`lsalar, keyinchalik undan o`zlarini chetga olganlar, mehr-oqibat, do`stlik, hamfikr, hamdardlik eshiklarini yopganlar.
Masalan, Usmon Makkiy Mansurni yozuv ustida ko`rib: “Nima yozursan?” - deganida, Halloj: “Qur’onga muoraza ( e`tiroznoma) yozurman”- deydi. Bu so`z shayxga og`ir botib: “Badxudor bo`lmagin!” –deb yonidan haydaydi [44,6].
Sulton Bahovaddin Valad “Maorif” asarida shunday yozadi: “Mansur Hallojni uning zamondosh ulamo va avliyolari, hatto Junayd Bag`dodiy , Abubakr Shibliy kabi murshidlar ham zohirda inkor etdilar va joniga qasd qildilar, barchasi kelishib, uni dorga osishga fatvo berdilar. Natijada , o`shandek jahonning yagona azizini dorga osib, qatl etdilar. Dordan tushirib olovga soldilar, kuyib kul bo`lgandan keyin olamda asari qolmasin deb kulini ko`kka sovurdilar. Deydilarki, (qotillar) nima ish qilmasinlar, yerda, osmonda , olov va suv ustida “Anal-Haq” degan yozuv – so`z paydo bo`lardi. Bu karomatni ko`rgandan keyin barchasi pushaymon bo`ldilar, bu pushaymonlik bizning zamongacha davom etib kelmoqda. O`shandan buyon Mansur nomi tilga olinmaguncha , uni xotirlamasdan majlislar qizimaydi, suhbatlarga fayz kirmaydi! Rahmatullohi alayha ( unga Allohning rahmatlari yog`ilsin).”
Halloj hamisha riyozat va ibodatda bo`lib, tilidan ma’rifat va tavhid nuri sochilardi. Bu xislat uning zindonbandligi yoki dorga eltish jarayonlari bayonida ham yaqqol ko`zga tashlanadi. Naql qilishlaricha, zindonda yana 300 ta mahbus mavjud edi. Kech kirishi bilan Mansur ularga qarab dedi:
- Ey bandilar, sizlarni xalos etaman.
Ular dedilar:
- Nega o`zingni qutqarmaysan?
Mansur dedi:
- Biz Xudoning bandidamiz, uni hurmat qilamiz. Agar istasak bir ishorat bilan barcha bandilarni bo`shatgumiz.
Shundan so`ng ko`rsatkich barmog`i bilan bir ishora qiluvdi, hammaning qo`lidagi bog`ichlar ochildi-ketdi.
Ular yana deyishdi:
- Eshiklar qulflangan-ku?! Bu yerdan qanday chiqamiz?
Bir ishorat qiluvdi, zindondan tashqariga tuynuklar paydo bo`ldi.
- Ana endi har biringiz o`z boshingizni qutqaring,- dedi Mansur.
- Siz biz bilan ketmaysizmi?- so`rashdi ular.
- Haqdan qo`rqqanim uchun chiqib ketolmadim,- javob berdi Mansur.
Naql qilishlaricha, Mansurning yaqin kishilaridan biri dor ostiga yetib kelib undan vasiyat qilishni so`rabdi. U shunday vasiyat qilibdi:
-Nafsni bajarilishi shart bo`lgan narsa bilan mashg`ul et, tokim u seni biron ish bilan band etmasin. Bu hol avliyolarning ishidir.
Ahli podshohlik ham Mansur Halloj harakatlarini, u haqda tarqalgan mish-mishlarni, shayxlar, ba’zi riyokor saroy a’yonlari to`qib chiqargan yolg`onlarni bir-biriga solishtirib, Hallojning har bir so`zini , do`st va shogirdlariga yozgan maktublarini taftishdan o`tkazar edi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko`ra, Hallojning bir maktubi davlat ma’murlarining qo`liga tushadi. Xatning boshlanishiyoq o`qiganlarni darg`azab etadi. Maktub Hallojga ko`rsatilganda: “Ha, bu mening xatim”,- deydi. “Sen bilan fikrdosh boshqa kishilar ham bormi?” - deb so`rashganda, u: “ albatta bor, Ibn Ato, Abu Muhammad al- Jurayriy, Abubakr Shibliy”, - deya bir necha kishining nomini aytadi. Ma’murlar shu zotlar bilan ham borib uchrashadi. Jurayriy maktubdagi so`zlarni o`qirkan, “Bu-qatlni vojib aylaydigan kufr erur”, deydi. Shibliy esa: “Buni aytganga qarshi turmoq zarur”, -deb o`zini chetga tortadi. Ibn Ato Mansurga maslakdoshligini yashirmagani bois vazir Hamid ibn al-Abbosning qahriga uchrab, qatl etiladi. Ammo oradan hech qancha fursat o`tmay vazir ham fojiali halok bo`ladi. [44,6]
Mansur Halloj bilan yaqin munosabatda bo`lish, uning fikr, g`oyalariga hamda tasavvufiy tushunchalariga yo`ldosh, maslakdosh, xayrixoh ekanligini bildirar edi. Shu sababli, Abu Muhammad al-Jurayriy, Abubakr Shibliylar Halloj bilan fikrdosh ekanliklarini tan olmaslik yo`li bilan jonlarini saqlab qoladilar. Ibn Ato esa o`z do`stidan, o`z maslagidan voz kechmagan holda barchasini tan oladi, garchi buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini bilsa ham. Mansur Hallojga turli bo`hton va tuhmatlar yog`dirilayotgan bir damda, unga o`z hurmat va ehtiromini ko`rsatgan, Hallojni o`ziga kuyov qilgan Abu Yoqub Nahrjuriy Hallojdan qizini ajratib oladi. Kuyovidan yuz o`giradi.
Uni ushlab Xalifa Muqtadir huzuriga olib keladilar. Xalifa unga: “Anal-Haq dema, Huval-Haq degil ” - deydi. Mansur: “biz uchun shunday demoq kerak” -deydi. Xalifa Iso uni zindonga soladi. U yerda bir yil yotadi. Odamlar kelib undan masalalar so`rab turadi, keyinchalik bu ham taqiqlanadi. So`nggi besh oy oldiga odam qo`yilmaydi. Mashhur shayxlar Ibn Ato bilan Abu Abdulloh Xafif bir marta borib ko`radilar. Yana bir marta Ibn Ato bir kishini jo`natib ayttirib yuboradiki: “Ey Mansur, bu so`zni aytding, uzr so`ra, zindondan qutulasan”, Mansur javoban: “Men ne dedimki, uzr so`rayman? Xoliqni qo`yib, xalqqa yolvormayman”, -deydi. Ibn Ato eshitib: “Biz Husaynning o`ndan biricha ham emasmiz”, -deb yig`laydi. Shibliy esa: “Men bilan Halloj bir xilmiz, farqimiz shundaki, meni jinni deb e’lon qilishdi, qutulib qoldim, uni esa aqli halok etdi ”- deydi. Yana bir manbada esa:
Mayxona jam'iki erur bodaparast,
Zohir may ichgandin o'lurlar badmast.
Mingdin bir emas bu haqiqat mayidin,
Ichgan ani oxsum o'lsa tong yo'q payvast
misralari keltiriladi.
Hikoyat: Muqarrabi Hazrati boriy Xoja Abdulloh Ansoriy dedikim, ul takallumg'akim Mansur dam urdi, men ham urdum. Ul oshkor etti va men yoshurdum. Menkim yoshurdum, tojdorlig' manqarib bo'ldi. Ul oshkor etti, dorg'a tok bo'lmoqlik nasib bo'ldi. Ul hanuz xom erdi va bu ma'nidin xurush qiluri behangom erdi. Eshitguvchi ibo etti va anga yetti va ulcha yetti. Men ul so'zni anjumanda guhor etarmen va izhorida isror va takror etarmen hech kas manga nima dey olmas va demaskim, so'zumning agarchi ma'nisi uldur, ammo suvrati ul emaskim, suvrat ahli suvratga nazar solurlar va ma'ni ahli ma'nidin bahra olurlar. [11,60]
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida shunday deyiladi: “… Mashoyix oning ishida muxtalifdurlar. Ko`pragi oni rad qilibdurlar, necha tandin boshqa Shayx Abulabbos Ato va Shayx Shibliy va Shayx Abu Abdulloh Xafif va Shayx Abulqosim Nasrobodiy bila Shayx Abulabbos Surayjkim, aning qatlig`a rizo bermadilar va fatvo bitmadilarkim va dedilarkim, biz bilnasmizkim, ul ne deydurur va “Kashf ul-mahjub” kitobida barcha mutaaxxir mashoyix oni qabul qilibdurlar va ba’zi mutaqaddim mashoyixning hajri dog`i dinida ta’n uchun emaskim, muomalot mahjuri asl mahjuri emas. Mutaaxxirlardin Sultoni tariqat Shayx Abusayid Abulxayr debdurki, ul ulug` holdadur va oning zamonida mashriqadin mag`ribg`acha oningdek yo`q erdi… ” [12,105]
Bu misralardan ayon bo`lishicha, shayxlar unig ishlariga qarshidirlar, ko`pchiligi uni rad qiladilar. Shayz Abulabbos Ato, Shayx Shibliy , Shayx Abu Abdulloh Xafif, Shayx Abulqosim Nasrbodiy, Shayx Abulabbos Surayjlar Mansur Hallojni qatl qilishga rozilik bermaydilar va ular Halloj tanlagan yo`l qanday ekanligini, nima ekanligini biz tushunmaymiz deya ayblarni o`zlaridan soqit qiladilar , do`stlaridan o`zlarini uzoq tutadilar. Mansur Halloj yolg`izlanib qoladi.
Dunyodagi barcha buyuk ODAMlarning boshiga tushgan kulfat, qismatini qurshagan musibatlar- o`sha ulug` zotlarning maslak va haqiqatlarini xalq-u xaloyiq tushuna olmaganligi yoki anglashga qodir emasligidan yuzaga kelgan. Shuning uchun Iso alayhis-salom chormixga tortilgan. Budda toshbo`ron qilingan. Suqroti hakimga zahar ichirilgan. Qanchadan-qancha komil insonlarning umrlari hibsxonalarda chiritilgan. Jamiyatga sig`magan va jamiyat ularni faqat o`limidan so`ng qabul qilgan bunday ulug` kishilarning qalbida o`limdan ustun va g`olib sirli bir qudrat –ilohiy ishonch insoniyatni hamisha hayratlantirib kelgan. Yunus Emro bir she’rida:
Oshiq o`ldi deya saloh etarlar,
O`lgan hayvon erur, oshiqlar o`lmas,-
deydi. Bu gap Hallojga o`xshash Haq oshiqlari to`g`risida aytilgan.
Bir hikoyatda aytilishicha, Mansurni o`n ikki joyidan band etib, dorga olib borayotganlarida kulib, raqs tushib borayotgan ekan, undan so`rabdilar:
- Bunday xirom etib borishning sababi nima?
- Nahorgoh –qatlgohga bormoqdaman, -javob beribdi Mansur.
Dor ostiga yetgach, qiblaga qarab ta’zim qilgach, narvonga oyoq qo`yayotganida undan so`radilar:
- Hol nadur?
Mansur javob berdi:
- U bilganni hech kim bilmaydi.
Shundan so`ng qo`llarini banddan tortib, qiblaga qarab munojot etgach, boshini dorga tutdi.
Barcha unga qarab tosh otardi. Bir payt Shibliy loy otdi. Mansur chuqur xo`rsinib, “oh” tortdi. “Nega shuncha odam tosh bo`ron qilsa, miq etmading-u Shibliy loy otsa “oh” tortding,”- so`radi yonidagilardan biri.
-Ular nima qilishayotganini bilishmaydi, shuning uchun kechirish mumkin. Shibliy esa ko`ra bila turib , tushungan holda loy otganidan xafaman.
Shundan so`ng qo`lini kesdilar, qah-qaha urib kuldi.
-Nega kulmoqdasan,- so`raydi.
Mansur dedi:
-Zanjirband odamning qo`lini kesmoq osondir.
Shundan keyin oyoqlarini kesdilar. Bir tabassum qildi-da dedi:
-Bu oyoqlarim bilan zamin uzra safar qilardim. Endi boshqa qadamlarim bilan har ikki olamga safar qilaman. Qo`lingizdan kelsa bu oyoqlarimni kesing,- dedi-da kesilgan ikki qo`lini yuzlariga surtib, aftini lola rang etdi.
-Nega bunday qilding,- so`rashdi.
-Mendan qon ko`p ketib, rangim sarg`aydi, deb o`ylamanglar uchun yuzimni qizartirdim.
-Yuzingni qizartirgan bo`lsang, nega bilaklaringni ham qonga bo`yading,- yana so`rashdi.
-Tahorat oldim.
-Nega tahorat olasan?
-Ishq uchun ikki rakat namoz lozim, unga qon bilan vuzu’ qilsa ham bo`ladi, -javob berdi.
Shundan keyin ko`zlarini o`yib oldilar. Xalq orasida qiyomat qo`pdi. Ayrimlar nola chekishar, ba’zilar hamon tosh otishardi. Keyin esa tillarini kesmoqchi bo`lishdi. Shunda u dedi:
-Biroz sabr qiling , mening aytar so`zim bor,- dedi-da osmonga qarab xitob qildi:
-Ey xudo, seni deb menga qilayotgan jabrlarni aslo kam qilmagil. Ularni bu imkoniyatdan benasib etma. Alhamdulillo sening yo`lingda qo`l-oyoqlarimni kesdilar, endi esa sening diydoring uchun boshimni dorga tortadilar. Quloq – burunlarini kesib, yana tosh-bo`ron qila boshladilar. Shu yerdan ko`za ko`tarib o`tib borayotgan bir zaifaning ko`zi Husaynga tushib dedi:
-Uring bu la’natini, unga Xudoni tilga olishni kim qo`yibdi.
So`ng tillarni kesib, shomga yaqin boshini tanidan judo qildilar. Bir tabassum bilan jon taslim qildi. [45, 66]
Sharqda bu dahshatli fojia bilan bog`liq ko`p afsonalar mavjud. Ularning bir qismi Farididdin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns”, Muhammad Siddiq Rushdiyning “Tazkirat ul-avliyoyi turkiy” singari kitoblarida, Sa’diy, Navoiy, Muhammad Iqbol, Roqimiy, Mashrab singari mutafakkirlarning asarlarida zikr etilgan, turli munosabatlar bilan eslatib o`tilgan.
Mansur Hallojning hayot yo`li g`oyatda murakkab ,qayg`ulidir . U, albatta, ishq uchun , ma’rifat va maslak uchun insonning qatl etilishiga inonmagan. Orifni ma’rifatdan boshqa yana nima muhofaza etmog`i mumkin, deb o`ylagan. Jaholat va yovuzlik haqiqat qarshisida kuchsiz bo`lib ko`ringan unga. U “Anal-Haq ” deganida, “Men doimo mavjudman, Haqqa foniy bo`lgan oshiqning umri ham boqiydir”, demoqchi bo`lgan. Bu haqda Jaloliddin Rumiy : “Anal-Haq deyish ulug` bir kamtarinlikdir. Buning o`rniga “Men Haqning quliman” , degan kishi ikki borliqni- o`zi va Tangrining mavjudligini tasdiqlagan bo`ladi. Holbuki, “Men Haqman”, degan o`z borlig`ini yo`q qilgani uchun “Anal-Haq ” demoqda..Ya’ni men yo`qman, barchasi Udir. Ollohdan boshqa borliq yo`qdir. Bu so`zda kamtarinlik ko`proq emasmi?”
Bir vaqtlar muridlaridan biri Hallojdan “Orif kimdur?” deb so`raganida u bunday javob bergan ekan: “Orif uldirki, uch yuz to`qqizda zulqa’da oyining yigirma to`rtida seshanba kuni oni Bag`doddagi Bobu tog`iga eltgaylar va ayoq -ilkin kesgaylar , ko`zin o`ygaylar, dorga osgaylar, tanin kuydirib , kulin ko`kka sovurgaylar. ” [44, 17]
Demak, uning qalbi shunday mudhish voqea sodir bo`lishini oldindan ko`ra bilgan. Mansur Halloj o`z e’tiqodi, maslagi yo`lida sobitqadamlik, jonfidolikning oliy namunasi, ramziga aylanib qolgan. Mansur Hallojning she’rlar devoni 2001-yili Tehronda ko`p nusxada chop etilgan.
Debdur: tilning go`yo bo`lg`oni ko`ngulning xomushlig`ining nishonasidur, ya’ni tilning go`yolig`i ko`ngulni halok qilur.
[http://hozir.org/boborahim-mashrab-ijodida-hallojiylik-goyalari-reja-i-kirish-i.html?page=7]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |