Toʻxtasin Jalilov
Toʻxtasin Jalilov (1895-yil Andijon — 1966-yil 11-may Toshkent) — sozanda (gʻijjakchi) va bastakor, oʻzbek musiqali drama teatr sanʼati va oʻzbek milliy orkestriga asos solgan. Oʻzbekiston xalq artisti.
Toʻxtasin Jalilov | |
---|---|
Tavalludi |
13-dekabr 1895-yil |
Vafoti |
11-may 1966-yil (70 yoshda) Toshkent |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va SSSR |
Kasbi | Bastakor, sozanda |
Mukofotlari |
Tarjimai holi
tahrirToʻxtasin Jalilov 1895-yili Andijon shahrinining Soyguzar mahallasida dunyoga kelgan. Yoshligida oʻzbek milliy musiqa asboblaridan dutor, tanbur, gʻijjak va doiralarni chalgan. Kuy saboqlarini sozandalardan Orif Toshmatov, Mahmudjon Usmonov, Moʻminjon Jabborovdan olgan. Toʻxtasin Jalilov Oʻzbekistondagi mashhur sanʼatkorlardan Abbos Bakirov, Asad Ismatov, Soyib Xoʻjayev, Xadicha Aminova, Lutfixonim Sarimsoqova kabi hech qanday sanʼat dargohini tamomlamagan. Oʻzining tugʻma isteʼdodi bilan oʻzbek xalqi bastakoriga aylangan[1].
1919-yili Andijon teatriga asos solingan va uning asoschilaridan biri Toʻxtasin Jalilov boʻlgan. Toʻxtasin Jalilov ushbu teatrda 15 yil davomida badiiy rahbar va bosh drijyor sifatida ishlagan.
Toʻxtasin Jalilov 1918—1920-yillarda tashviqot brigadasida xonanda va sozanda boʻlib faoliyat yuritgan. 1923—1926-yillarda milliy musiqa toʻgaragida, 1919—1929-yillarda Andijon musiqali drama teatrida faoliyat yuritgan.
Toʻxtasin Jalilov 1930-yillarda milliy orkestr tuzgan. U tanbur, dutor, gʻijjak, chang kabi oʻzbek milliy cholgʻu asboblarini yigʻib, yuz kishidan iborat milliy orkestr tashkil qilgan. Toʻxtasin Jalilov orkestr uchun „Otmagay tong“, „Ey quyosh“ hamda Sobir Abdulla sheʼri uchun „Toʻylar muborak“ qoʻshiq bastalagan. Toʻxtasin Jalilov yaratgan 200 dan oshiq kuy va qoʻshiqlar hozirgacha yangrab kelmoqda[1].
Toshkentda Oʻzbek musiqali drama teatri tashkil qilinganida 1934-yili Toʻxtasin Jalilov ishga taklif qilinadi. Jalilov ushbu teatrda musiqa rahbari, badiiy rahbar va bosh drijyor sifatida ishlagan. 1937—1940-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs ansamblida, 1940—1952-yillarda Muqimiy teatrida badiiy rahbar boʻlgan va 1965—1966-yillarda musiqa rahbari sifatida xizmat qilgan.
Toʻxtasin Jalilov 1927—1929-yillarda F. Zafariyning „Halima“, K. Yashinning „O‘rtoqlar“, S. Abdullaning „Oyxon“, 1935-yilda K. Yashin va M. Muhamedovning „Gulsara“ pyesalariga, oʻzbek sanʼati dekadasi (Moskva, 1937-yil)da koʻrsatilgan „Sayil“ va „Kolxoz toʻyi“ tomoshalariga oʻzbek musiqa merosi namunalarini moslashtirgan va mustaqil musiqa nomerlari yaratgan. „Tohir va Zuhra“ (S. Abdulla librettosi, 1940-yil), „Nurxon“ (K. Yashin, 1942-yil) kabi asarlari musiqali drama janrining yuksak namunalariga aylangan. A. S. Pushkinning „Ruslan va Lyudmila“ dostonidagi „Bagʻishlov“ matniga Jalilov yaratgan romans bastakorlik ijodiyotidagi kamyob asardir. Ikkinchi jahon urushi yillarida T. Sodiqov, M. Burhonov va b. kompozitorlar hamda bastakor N. Hasanov bilan birgalikda „ Oʻzbekiston qilichi“ (1942-yil 29-aprel) konsert-spektakliga musiqa yaratgan. Urushdan keyingi yillarda „Muqimiy“ (S. Abdulla, 1949-yil), „Ravshan va Zulxumor“ (K. Yashin, 1957-yil) musiqali dramalarini G. Mushel, „Alpomish“ni (S. Abdulla, 1949-yil) B. Nadejdin, „Gʻunchalar“ni (Z. Fatxullin, 1945-yil) B. Brovsin, soʻnggi musiqali dramasi — „Fargʻona hikoyasi“ni (H. Gʻulom, 1962-yil) B. Zeydman bilan hamkorlikda yaratgan. B. Brovsin bilan „Tohir va Zuhra“ musiqali dramasi asosida yaratilgan shu nomdagi opera (1949-yil, 2-tahriri 1955-yilda) va operabalet ham muallifi. Jalilov jami 40 dan ortiq musiqaviy sahna asarlari yaratishda qatnashgan. „Oyxon“, „Tohir va Zuxra“, „Alpomish“ musiqali dramalari qator respublikalarda va chet ellarda sahnalashtirilgan. Oʻzbek mumtoz shoirlaridan Navoiy, Furqat („Bahor ayyomida“), Muqimiy („Gulistonim mening“) va b. gʻazallariga bastalagan ashulalari, „Signal“ (xalq soʻzi), „Dovruq“ (K. Ahmadiy sheʼri), „Aziz Vatanim“ (Habibiy), „Kokiling“ (S. Zunnunova), „Yalla“ va „O‘ynasin“ (Uygʻun) kabi qoʻshiqlari ommaviylashib ketgan.
Toʻxtasin Jalilov 1925—1927-yillarda Oʻzbek konsert-etnografik ansamblining Qozon, Moskva, Leningrad, Boku shaharlari boʻylab va chet el (Parij, Berlin)da bergan konsertlarida faol qatnashgan. 1942-yili Eronga gastrolga borgan konsert brigadasining oʻzbek gruppasiga rahbarlik qilgan. S. Kalonov, K. Jabborov, F. Toshmatov, M. Mirzayev, D. Zokirov va boshqalar shogirdi Toʻxtasin Jalilovning boʻlgan.
Oilasi
tahrirToʻxtasin Jalilov Maloxat Jalilova bilan turmush qurgan. Ularning toʻrt nafar oʻgʻli va ikki nafar qizi bor.
Katta qizi Eʼtibor Jalilova — Oʻzbekiston xalq artisti, „Toxir va Zuhra“ da Zuhra, „Ravshan va Zulxumor“ spektaklida Zulxumor rollarini ijro etgan.
Oʻgʻillari Dehqon Jalilov — Oʻzbekistonda xizmat kursatgan sanʼat arbobi, ommaviylashgan — „Aylagach“ (Navoiy) kabi ashulalar muallifi Xolxoʻja va mohir sozanda Salohiddin Toʻxtasinovlar — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar, kichik qizi Xolida Jalilova — xonanda va pedagog[2].
Vafoti
tahrirToʻxtasin Jalilov 1966-yili Toshkent shahrida vafot etgan.
Mukofotlari
tahrir1937-yili Moskva shahrida oʻtkazilgan ilk Oʻzbekiston dekadasida Toʻxtasin Jalilov oʻzining milliy orkestri bilan qatnashib, dekada soʻnggida „Oʻzbekiston xalq artisti“ unvon bilan taqdirlangan[1].
Toʻxtasin Jalilov 1935-yilda Londonda oʻtkazilgan Xalq raqslari jahon festivalida ishtirok etib, Oltin medalga sazovor boʻlgan[3].
Xotirasi
tahrir1967-yili oʻzbek davlat filarmoniyasining oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestriga Toʻxtasin Jalilov nomi berilgan[2][4][5].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 5-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Oʻzbekiston Xalq artisti Toʻxtasin Jalilov — 125 yoshda“ (28-may 2021-yil). 2023-yil 11-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11-iyun 2023-yil.
- ↑ *Akbarov I., Toʻxtasin Jalilov, T., 1978.
- ↑ Muzikali dramalardan parchalar, T., 1958; Tanlangan asarlar, T., 1968; Qoʻshiqlar guldastasi, T., 1989.
Havolalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Muzikalniy ensiklopedicheskiy slovar / Gl. red. G. V. Keldish. — M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1990. — s. 170 — ISBN 5-85270-033-9
- Akbarov I., Toxtasin Djalilov. — M., 1974.
- Akbarov I., Toʻxtasin Jalilov. — T., 1978. (oʻzb.)