Habibiy (taxallusi; asl nomi Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli) (1890, Paxtaobod tumani Qoʻqon qishlogʻi — 1980.16.4, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1974). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1970). Qoʻqon va Andijondagi madrasalarda tahsil koʻrgan. Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat asarlarini mutolaa qilib, aruz vaznining badiiy latofati va boy imkoniyatlarini qunt bilan oʻrgangan. Habibiyning gʻazalnavislik ijodi mazkur adabiy muhitda shakllanib borgan.

IjodiTahrirlash

Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ishlari boshlanishi bilan Habibiy safdoshlari Boqiy, Mahjuriy,Anisiy va Sayfiy bilan birga Navoiy komiteti tomonidan taklif etilib, Toshkentga koʻchib kelgan (1938). Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, S.Ab-dulla, S.Mirzayev, S.Mutallibov singari allomalar bilan birga Navoiy adabiy merosini oʻrgangan. Habibiy 1939-yilda Fargʻona kanali qurilishiga shoir sifatida safarbar etilgan. Shu vaqtdan boshlab uning gʻazallari respublika davriy matbuotida eʼlon qilinib, mashhur hofizlar tomonidan ijro qilina boshlagan. Oʻz gʻazallari hamda mumtoz adabiyot va musiqa sohasidagi bilimi bilan hurmat qozongan Habibiy 1940-yilda Yangiyoʻlda tashkil etilgan viloyat musiqali drama va komediya teatriga adabiy yordamchi etib tayinlangan va 1946-yilga qadar shu lavozimda ishlagan.

She`riy to`plamlari

"Mehnat qoʻshiqlari", "Yangi yallalar" (1949), "Kolxozchilar ashulasi" (1951), "Koʻngil taronalari" (1957), "Zamon farhodlari" (1959), "Tanlangan asarlar" (1967), "Devon" (1971), "Navroʻzi olam" (1973)

Habibiyning adabiy merosi mumtoz oʻzbek adabiyotining gʻazal, murabba, muxammas, musaddas, ruboiy, tuyuq, qasida va doston singari janrlarida yozilgan 40 mingdan ziyod baytdan ibo-rat. Uning 300 dan ziyod gʻazallariga kuy bastalangan boʻlib, ularning aksari hozir ham ijro etiladi.

VafotiTahrirlash

Habibiy Toshkentning Kamolon qabristoniga dafn etilgan.

XotiraTahrirlash

Toshkent, Andijon shaharlari va Paxtaobod tumanidagi koʻchalar Habibiy nomi bilan ataladi. Paxtaobod tumanida Habibiyning uy-muzeyi barpo etilgan.

ManbalarTahrirlash

  • Devon, 2nashri, T., 1975.

AdabiyotTahrirlash

  • Nosirov O., Oʻzbek adabiyotida gazal, T.. 1973; Otajon U., Ustozlar xotirasi, T, 1998.

Naim Karimov.