Fattohxon Mamadaliyev (1923-yil 25-avgust, Andijon – 1999-yil 3-aprel, Toshkent, Baliqchi tumanida dafn etilgan) – qoʻshiqchi, sozanda (gʻijjak, tanbur, dutor) va bastakor. Oʻzbekiston xalq hofizi (1990)[1].

Fattohxon Mamadaliyev
Tavalludi 1923-yil 25-avgust
Vafoti 1999-yil 3-aprel
Toshkent
Kasbi Qoʻshiqchi, sozanda, bastakor
Unvoni Mehnat shuhrati ordeni

Biografiyasi tahrir

Fattohxon Mamadaliyev 1923-yil 25-avgustda Andijon viloyatining Eski Haqqulobod qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan musiqa chalish, qoʻshiq aytishga ishtiyoqi baland boʻlgan.

Fattohxon Mamadaliyev 1960-yili Andijon pedagogika institutini tugatgan. Ashula, katta ashula va maqom yoʻllarini Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Umrzoq Polvon Saydali, usta Roʻzimatxon Isaboyev, B. Fayziyev, shuningdek, Abdulla Taraz va Yunus Rajabiylardan oʻrgangan.

Fatohxon Mamadaliyev Andijon viloyatining Xoʻjaobod va Izboskan tumanlarida madaniyat saroylari qoshida maqomchilar ansamblini tashkil qilgan.

Fattohxon Mamadaliyev 1944—1960-yillarda Andijon viloyatining turli teatrlarida sozanda-xonanda, 1960— 1967-yillarda Andijon pedagogika institutida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritgan.

Fattohxon Mamadaliyev 1968-yili turli oʻquv yurtlaridan, xar-xil tashkilotlardan iqtidorli yigit-qizlarni topib, Andijon shahridagi 2- madaniyat uyi qoshida „Maqomchilar“ ansamblini tashkil qildi va unga badiiy rahbarlik qildi[2].

Oʻzbekistonda 1972-yili havaskor sozanda, xonanda va raqqosalar uchun „Marhabo, talantlar“ respublika teletanlovi boʻlib oʻtgan[2]. Ushbu tanlovda SSSR xalq artistlari Mukarrama Turgʻunboyeva, Halima Nosirova, Saodat Qobulovalar hakamlik qilgan va Fattohxon Mamadaliyev boshchiligida ijro qilingan „Qashqarchai moʻgʻulchai dugoh“, „Soqinomai moʻgʻulchai dugoh“ni eng oliy – 10 ball bilan baholaganlar.

Fattohxon Mamadaliyev 1983-yildan oʻzbek davlat filarmoniyasi xonandasi, 1984-yildan Toshkent konservatoriyasi oʻqituvchisi va 1992-yildan professor boʻlgan.

Fattohxon Mamadaliyev Vosit Saʼdullaning „Ey tong yeli“, Hayitboy Azimiyning „Soʻrmasa koʻngul“, Haydar Yahyoyev qalamiga mansub „Dehqonlarim“ kabi qoʻshiqlarni ijro qilgan.

Fattohxon Mamadaliyevning ovozi tiniq, shirali va dardli, ovoz koʻlami va nafasi keng; ijrosiga kuy bilan sheʼr uzviyligi, ovoz va cholgʻu imkoniyatlarini mohirlik bilan namoyon etilishi xosdir[1]. Repertuaridan Fargʻona – Toshkent maqom yoʻllari, Shashmaqom shoʻʼbalari, ashula, katta ashula, yalla, oʻzbek mumtoz ashula va cholgʻu turkumlari, bastakorlar asarlari („Ol xabar“, „Ey dilbari jonon“, „Buzruk I—III“, „Saraxbori Navo“, „Ey, sabo“ va boshqalar) oʻrin olgan.

Oʻzbek mumtoz va zamonaviy shoirlar gʻazallari zaminida 50 dan ortiq ashulalar („Dardi dilim“, „Doʻst bilan, ulfat bilan“, „Intizor“ va boshqalar) yaratgan, shuningdek, shoira Nodiraning „Oqibat“, „Sogʻindim“, Muqumiyning „Kim desun“, Furqatning „Adashganman“ singari gʻazallari Fattohxon Mamadaliyev tomonidan ijro qilingan.

Fattohxon Mamadaliyev soʻnggi davrdagi turkum asarlari („Munojot I—Y“, „Miskin 1—Y“, „Nasrulloyi I—IV“, „Ushshoq“ va boshqalar)da oʻzbek musiqa merosining muayyan namunalarini nozik jilolar bilan sayqallashtirdi.

Fattohxon Mamadaliyev 5 qismli „Savti Fattohxon“ ashula turkumini bastalagan, „Qadimgi Ushshoq“, „Umrzoq Polvon Ushshoqi“, „Zikri Ushshogʻi“ maqom yoʻllarini tiklagan.

Fattohxon Mamadaliyev 1999-yili 3-aprelda Toshkentda vafot etgan.

Mukofotlari tahrir

Fattohxon Mamadaliyev 1997-yili „Mehnat shuhrati“ ordeni, 1998-yili „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan, 1990-yilda „Oʻzbekiston xalq xofizi“ unvonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, 1993-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi ilmiy kengashi Fattohxon Mamadaliyevga „Anʼanaviy qoʻshiqchilik“ kafedrasi professori ilmiy unvonini bergan[2].

Xotirasi tahrir

17-iyun 2021-yili Qoʻqon shahrida Fattohxon Mamadaliyev xotirasiga bagʻishlangan maqom kechasi tashkil etilgan. Konsert dasturida zamonaviy mumtoz sanʼatining vakillari Hasan Rajabiy, Gulbahor Erqulova, Munojat Teshaboyeva, Ahmadjon Dadayev, Ozodbek Tillanazarov, Abdulahad Abdurashidovlar oʻz kuy-qoʻshiqlari bilan chiqishlar qilgan[3].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226 bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. 13-iyun 2023-yilda qaraldi. 
  3. „Qoʻqonda Fattohxon Mamadaliyev xotirasiga bagʻishlangan maqom kechasi boʻlib oʻtdi“ (17-iyun 2021-yil). Qaraldi: 13-iyun 2023-yil. [sayt ishlamaydi]

Adabiyotlar tahrir

  • Milliy musiqa ijrochiligi masalalari (nashrga tayyorlovchi va maxsus muharrir R. Yunusov), T., 2001.