Abadiy dvigatel (lot. Perpetuum mobile) — bir marta harakatga solib yuborilgandan keyin cheksiz uzoq vaqt oʻz-oʻzidan ish bajara oladi, deb faraz qilingan mashina. Energiyaning saqlanish qonuni kashf etilmasdan oldin, asrlar davomida odamlar sarflangan energiyadan koʻproq ish bajarishga imkon beradigan mashinani yaratishga urinib keldilar. Bunday mashinaga, hatto, „Abadiy dvigatel“ deb nom ham berilgan. Abadiy dvigatelning turli-tuman loyihalari taklif qilingan, lekin abadiy dvigatel qurish mumkin ekanligini tabiatning asosiy qonunlari uzil-kesil inkor qiladi. Tashqaridan energiya olmay, oʻz-oʻzidan ish bajara oluvchi mashina shartli ravishda birinchi tur abadiy dvigatel deyiladi. Energiyaning saqlanish va bir turdan ikkinchi turga aylanish qonuniga asosan har qanday ish faqat energiya hisobiga bajariladi. Shuning uchun bunday abadiy dvigatelning boʻlishi mumkin emas. Taklif qilingan koʻpchilik abadiy dvigatel loyihalarida ogʻirlik kuchi taʼsiriga umid qilinadi. Shunday loyihalardan biri rasmda koʻrsatilgan. Unda zalvar massa (zoldir) berk yoʻlda harakatlanadi[1].

Abadiy dvigatelga yaqin misol

Bunda zoldir pastga tushganda uni yuqoriga koʻtarish uchun sarflangan ish miqdoriga teng ish qaytadi. Shuning uchun bunday mexanizm sarflangan dastlabki energiya zaxirasi hisobiga ishlaydi. Bu zaxira tugagach, mexanizm ham toʻxtaydi. Jismni sovita borib, uning issiqligini toʻla-toʻkis ishga aylantiruvchi mashina (issiqlik mashinasi) shartli ravishda ikkinchi tur abadiy dvigatel deyiladi. Bundam abadiy dvigatel energiyaning saqlanish va bir turdan ikkinchi turga aylanish qonuniga zid kelmaydi. Lekin biror manba (mas, okeanlar, atmosfera)dagi issiqlikni butunlay ishga aylantiruvchi tabiiy jarayon mavjud emas. Shuning uchun termodinamikaning ikkinchi qonuniga asosan bunday abadiy dvigatel ham boʻlishi mumkin emas. Abadiy dvigatellarni yasash mumkin emasligi materiya va harakatning haqiqatan abadiy ekanligidan, tabiat hodisalarining muayyan qonunlar asosida rivojlanib turishidan darak beradi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil