Abdulaziz Qori ota
Abdulaziz qori ota (arabcha: عبد العزيز قارى) – Qur’on hofizi.
Abdulaziz Qori ota | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1902-yil |
Vafoti |
2006-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Qur’on hofizi |
Hayoti
tahrirHofizi kalomulloh Abdulaziz qori Andijon viloyatining Xonobod mavzeida tugʻilgan. Otasi mulla Mahmud Buxoroda tahsil olgan, bobosi Shomirza hoji esa hajga borib, Makkada yashab qolgan taniqli olim edi. Bolalikdan oʻtkir zehnli, farosatli, zakovatli boʻlib oʻsgan Abdulaziz Qori ota-ona daʼvati tufayli Qur’onga muhabbat qoʻyadi, oʻn uch yoshida Kalomullohni yod olib, Qur’on hofizi boʻlib yetishadi. Abdulaziz Qori madrasa taʼlimini Buxoroda oladi.
Abdulaziz Qori ota hikoya qilishicha, bolsheviklar Buxoroda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan qatliomni boshlab yuboradi. Mashhur ulamolar, shayxlar, mudarris va din arboblari yoʻq yerdagi bahonalar bilan yoʻqotiladi. Shayx ul-islom va nomdor ulamo-yu qorilardan besh yuz kishining roʻyxati tuzilib, yoppasiga qamoqqa olinadi. Natijada oʻnlab murattab qorilar, oʻlkaning bulbul hofizlari halok boʻlishadi yoki umrlari qamoqxonalarda xazon boʻladi. Shundan keyin u Andijonga qaytadi. Ustozi Roʻzi qori domla qoʻlida ikki yilga yetib-yetmay Qur’oni karimni hifz qilishni takomiliga yetkazib, murattab qori boʻlib yetishadi.
1927-yilda Abdulaziz Qori ustozi Roʻzi qori ortidan Qashqarga koʻchib borib, ilm tahsilini davom ettiradi va oʻttiz ikki yil Qashqarda qolib ketadi.
Faoliyati
tahrirAbdulaziz Qori ota uzoq muddat musofirlikda yashasa-da, bir joyda muqim turmaydi. Uygʻur oʻlkasi tumanlarini kezib, qancha-qancha qardoshlarining Qur’on savodini chiqaradi, oʻnlab murattab qorilar tayyorlaydi. Ayni paytda piri murshidlardan ustozi, yuz yoshdan oʻtib vafot etgan Qosim eshon, Buxoroning soʻnggi qozisi Baqoxon domla, Abdulloh Xoʻjandiy kabi moʻtabar kishilar xizmatlarini qilib, duolarini oladi. Qirq yil Makkada, yigirma besh yil Dehlida yashagan Qosim eshon Islom olamida mashhur tasavvuf shayxlaridan edi. Yana bir ustozi Abdulloh qori Xoʻjandiy yetmish yil Makkada mudarrislik qilgan, oʻsha joyda xatmi kutubni tugallagan, Qur’on ilmidan tashqari, tafsir, hadis ilmlarini ham puxta egallagan yirik olimlardan edi. Oʻsha vaqtda Qashqarni „Sharqiy Turkiston Buxorosi“ deb ulugʻlashardi. Qashqar ulamolar, mashhur qorilar vataniga aylangan edi.
1959-yilda Abdulaziz Qori ustozi Roʻzi qori vafotidan soʻng, Qashqarda ham siyosiy vaziyat oʻzgarganligi sabab Toshkentga qaytadi. Bu yerda hali dinga, dindorlarga munosabat oldingidan yaxshi emas edi. Islomiy ilm ahllari, ulamolar hamon taʼqib ostida edilar. 1975-yilga kelibgina ilk bor Toshkentdan murattab qori chiqadi. Bunda Abdulaziz Qori otaning ham katta hissasi bor edi[1].
Vafoti
tahrirAbdulaziz Qori ota 2006-yil 7-avgust kuni bir yuz toʻrt yoshda vafot etdi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
- ↑ „Abdulaziz Qori ota“.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |