Abdulkarim al-Halabiy

Abdulkarim al-Halabiy hadis va qiroat olimi

Abdulkarim al-Halabiy (arabcha: عبد الكريم الحلبي – Abu Muhammad (Abu Ali) Qutbuddin Abdulkarim ibn Abdunnur ibn Munir al-Halabiy) – hadis va qiroat olimi.

Abdulkarim al-Halabiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1265-1266-yil (hijriy 663-664-yil)
Vafoti milodiy 25.03.1335-yil (hijriy 30.07.735-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi hadis va qiroat olimi

Hayoti tahrir

Abdulkarim al-Halabiy 1265-66-yillar (hijriy 663-64-yillar)da Halab shahrida tavallud topgan. Manbalarda „Ibn uxt ash-shayx Nasr ibn Sulaymon“ yoki „Ibn Umar al-Manbijiy“ degan kunyalar bilan xalq orasida tanilgani keltiriladi. Abdulkarim al-Halabiyning qori boʻlib yetishishida togʻasi Nasr ibn Sulaymon al-Manbijiyning hissasi katta boʻlib, yoshligida undan qiroat ilmini oʻrgangan. Keyinchalik ilm talabida Qohira, soʻng Damashq va Hijozga borgan Abdulkarim al-Halabiy yerdagi koʻplab olimlardan tahsil olgan. Abu Tohir Ismoil ibn Hibatulloh al-Malijiy, Safiy­­yuddin Halil ibn Abu Bakr al-Marogʻiy, as-Saxoviy, shayx Hasan ibn Abdulloh ar-Roshidiy, al-Kamol az-Zariyr, ash-Shotibiy kabi ustozlardan qiroat ilmini oʻrganish bilan bir qatorda, Misr, Shom, Hijoz, Damashq va boshqa mintaqalik mingdan ziyod ustozlardan hadis eshitgan. Jumladan, Misrning hanbaliy mazhabi qozi al-quzotlari Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim al-Maqdisiy, Ibn Daqiq al-Iyd, Abu-l-Hasan Ali ibn Ahmad al-Maqdisiy, Abu-l-Abbos Ahmad ibn Abdulxoliq, Zaynab bint al-Makkiy al-Harroniy, Abu Muhammad Abdulaziz al-Harroniy kabi olimlardan hadis ilmini oʻrgangan. Uning oliy isnod bilan hadis ri­voyat qilgani va ustozlarining adadi ming yoki bir ming uch yuz nafar boʻlgani haqida maʼlumotlar mavjud. Koʻp marotaba haj safariga borgan. Abdulkarim al-Halabiy va Shamsuddin az-Zahabiy bir-birlaridan hadis rivoyat qilganlar. Uning shogirdlari ichidan Ibn al-Mulaqqin, Ibn Rofeʼ, Ibn Balabon, Ibn Marzuq al-Xatib va Abdulqodir al-Qurashiy kabi olimlar yetishib chiqqan. Manbalarda uning hanafiy mazhabiga mansub tavozeʼli, goʻzal axloqli shaxs boʻlgani zikr qilingan.

Asarlari tahrir

  • „Al-Ihtimām bi-talxӣs kitāb al-­ilmām“. Ibn Daqiq al-Iydning „Al-­Ilmām bi-ahādӣs al-ahkām“ nomli asa­rining muxtasari;
  • „Sharh sahӣh al-Buxārӣ“;
  • „Al-Mavrid al-’azb al-hanӣ fi-l-­kalām ’alā sӣra Abd al-Gʻanӣ“;
  • Abdulgʻaniy ibn Abdulvohid al-Jammoiliyning „Ad-Durra al-muziyya fi-s-sӣra an-nabaviyya“ nomli asarining sharhi;
  • „Tarӣx Misr“. Misrlik boʻlgan yoki Misr­da yashagan hadis roviylarining biografiyalariga oid alifbo tartibida bitilgan asar;
  • „Mu’jam ash-shuyӯx“. Muallif ustozlari biografiyasiga oid asar;
  • „Al-Arbaʼӯn at-tusā’iyyāt“;
  • „Al-Arbaʼӯn al-mutabāyināt“;
  • „Al-Arbaʼӯn al-buldāniyya“.

Vafoti tahrir

Abdulkarim al-Halabiy 1335-yil 25-martda (hijriy 30-iyul 735-yil) Misrda vafot etgan[1].

Adabiyotlar tahrir

  • Az-Zahabiy. Mu’jam ash-shuyӯx. – Toif: 1988. I, 412;
  • Ibn Hajar. Ad-Durar al-kāmina. II, 398-399;
  • Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. I, 402;
  • Ali Toksarı. „Kutbüddin el-Halebî“. TDV İA. – Ankara: 2002. XXVI, 484.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.