Abdulla Ayizov
Abdulla Ayizov— 1962-yil 17-yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Maymanoq qishlogʻida tavallud topgan. Maktabni tugatgach, Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (hozirgi Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti)da tahsil olgan (1980—1985) [1]. Oliy oʻquv yurtini tugatgach, Kasbi tumanidagi 14-maktabda oʻqituvchi, bosh ilmiy boʻlim mudiri boʻlib ishladi. Kasbi tuman hokimligining „Sadoqat“ gazetasida boʻlim mudiri, „Muborak hayoti“ gazetasida muharrir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan (1992—1998). Soʻng Toshkentga kelib, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining „Ishonch“ gazetasida faoliyat yuritgan (1998-2001). 2001-yildan hozirgi kunga qadar OʻzMTRKning „Oʻzbekiston“ teleradiokanalida faoliyat yuritadi. „Madaniy-maʼrifiy, badiiy eshittirishlar“ muharririyati „Adabiyot va sanʼat“ boʻlimi mudiri sifatida adabiy-dramatik asarlarni targʻib etishda hissa qoʻshmoqda. Abdulla Ayizov maktabda oʻqigan kezlaridayoq xabar, maqola va lavhalari bilan tuman, viloyat gazetalarida qatnashib keladi. Talabalik yillaridan esa hajviyalari „Mushtum“ jurnalida chop etiladi. Sheʼrlari va hikoyalari „Sharq Yulduzi“ „Yoshlik“, „Guliston“, „Gʻuncha“, „Gulxan“ jurnallarida, „Xalq soʻzi“, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, „Kitob dunyosi“, „Hurriyat“, „Maʼrifat“, „Tong Yulduzi“ gazetalarida chop etilib ustoz shoir va adiblar, adabiyotshunoslar, oʻquvchilar tomonidan eʼtirof etib kelinayapti. Abdulla Ayizov qalamiga mansub hajviy hikoyalar va sheʼrlar „Muborak ovozlar“, „Qashqadaryo bayozi“, „Zumrad voha nasimlari“ jamoa toʻplamlaridan oʻrin oldi. „Otam yodi“ nomli ilk sheʼrlar toʻplami 2001-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etildi. Atoqli adib, Davlat mukofoti laureati Nosir Fozilov shunday degan edi: "Qashqa vohasida tavallud topgan Abdullajonning ijodini men vaqtli matbuot orqali kuzatib turaman. Abdullajonda yumor hissi bosimroq. Aslida, bu vohadagi odamlar hazil-mutoyibani tushunmaydilar, degan gaplar ham bor. Oʻsha vohadan chiqqan Muhammad Ochil va Abdullajon Ayizovning ijodi haligi gapni rad etadi… Yana bir maslahatim shuki, Qashqa vohasi tabiati goʻzal, yeri koʻp, odamlari mehnatkash, shinavanda va ayniqsa yozuvchi uchun mavzu moʻl-koʻl. Shunaqa tesha tegmagan mavzular borki, ular Abdullajonlarni „Bizni qachon yozar ekan?“ deb kutib turishibdi". "Abdulla Ayizovning „Oʻzimizning Begʻamboy“ nomli qissasi yaxshi. Til ham, tasvir ham, tabassum ohangi ham oʻrnida", – degan edi atoqli adib, Davlat mukofoti laureati Omon Muxtor. Nazm va nasrda qalam tebratib kelayotgan Abdulla Ayizov dramaturgiyada ham oʻz isteʼdodini sinab koʻrdi. Uning asarlari asosida tayyorlangan „Polvon yigʻlagan tun“, „Muallim“ nomli radiopostanovkalar OʻzMTRKning oltin fondidan oʻrin oldi. „Orzular qanotida“ dramasi Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilgan.