Bosh menuni ochish

Abdulla Qahhor (1907.17.9, Qo‘qon — 1968.25.5, Moskva) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1967). Temirchi oilasida tug‘ilgan. Bolaligi Qo‘qon va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tdi. Oqqo‘rg‘on qishlog‘idagi Mamajon qorining usuli savtiya maktabida tahsil ko‘rdi. Oilasi Qo‘qonga ko‘chib kelgach „Istiqlol“ nomli sho‘ro maktabiga o‘qishga kiradi, undan internat, „Kommuna“, „Namuna“ maktablarida, so‘ng bilim yurtida tahsil ko‘radi. Bilim yurtining „Adib“ qo‘lyozma jurnalida dastlabki mashqlari bilan qatnashadi. Toshkentdagi „Qizil O‘zbekiston“ gazetasi tahririyatining „Ishchibatrak maktublari“ varaqasiga muharrirlik qildi (1925). U gazetada ishlash jarayonida O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlaydi (1928). Abdulla Qahhor yana Qo‘qonga borib, dastlab o‘qituvchilarni qayta tayyorlash kursida muallimlik qiladi; ko‘p o‘tmay „Yangi Farg‘ona“ viloyat gazetasiga kotib va „Chig‘iriq“ hajviy bo‘limiga mudir etib tayinlanadi (1929). Abdulla Qahhorning „Oy kuyganda“ ilk hajviy sheʼri „Mushtum“ jurnalida Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). So‘ng uning bir qancha hajviy sheʼr va hikoyalari „Mushtum“, „Yangi yo‘l“ jurnallari va „Qizil O‘zbekiston“ gazetasida Mavlon kufur, Gulyor, Nish, Erkaboy, E-voy kabi taxalluslar ostida eʼlon qilindi. Abdulla Qahhor 30-yillarda yana Toshkentga qaytadi va O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetiga o‘qishga kiradi (1930), ayni paytda „Sovet adabiyoti“ jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. O‘zdavnashrda muharrir va tarjimon (1935–1953). 1954–1956-yillarda O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi boshqaruvining raisi. Abdulla Qahhor umrining oxirlarida davolanish uchun Moskvaga boradi va o‘sha yerda vafot etadi. Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etiladi.

Abdulla Qahhor
Tavalludi 17-sentabr 1907-yil(1907-09-17)
Qo‘qon
Vafoti (1968-05-25)may 25, 1968
Moskva
Fuqaroligi Turkiston Muxtoriyati,
Flag of the Soviet Union.svg SSSR
Millati oʻzbek
Sohasi yozuvchi
Institutlar Oʻrta Osiyo davlat universiteti (1926–1930-yillar)
Mashhur ishlari „Sarob“ (1934), „Sinchalak“ (1958), „Oʻtmishdan ertaklar“ (1965)
Mashhur sovrinlari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1965-yil), Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1966), Uzbek orden rib.png

IjodiTahrirlash

Abdulla Qahhor ijodi sheʼriyat bilan boshlangan boʻlsada, uning adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. „Boshsiz odam“ (1929) hikoyasi chop etilgan vaqtdan boshlab umrining oxirigacha hikoya, ocherk, publitsistika, qissa va roman janrlarida samarali ijod qildi. Abdulla Qahhorning dastlabki ijodidagi „Qishloq hukm ostida“ qissasi (1932) sho‘ro mafkurasi asosida yozilgan. Uning „Boshsiz odam“ hikoyasi bilan boshlangan hikoyanavislik faoliyatida esa tarixiy o‘tmish aks ettirilgan. „Ko‘shchinor chiroqlari“ (1951) romanida (dastlabki varianti „Qo‘shchinor“, 1946) jamoalashtirish davrining voqealari badiiy tasvirlangan.

„Sarob“ romaniTahrirlash

Abdulla Qahhorning 30-yillar ijodida uning birinchi romani — „Sarob“ muhim o‘rinni egallaydi. Yozuvchining ushbu romani bosh qahramon Saidiyning faoliyatini ko‘rsatishga qaratilgan, yana unda 20-yillarning 2-yarmidagi o‘zbek xalqi hayotining maishiy, etnografik, iqtisodiy va maʼnaviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. „Sarob“ keng mavzuli roman bo‘lgani uchun yozuvchi o‘zining badiiy niyatini yalang‘och holda ko‘rsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari ko‘rinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida yozuvchi hayot haqiqatini saqlab qolgan.

Mashhur asarlariTahrirlash

Abdulla Qahhor oʻrinli soʻz qoʻllash mahoratini puxta egallagan adibdir. Ijodida voqelikni realistik talqin etish ustuvorlik qiladi. Adib serqirra ijodkor sifatida adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida qalam tebratgan. „Olam yasharadi“ nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1932-yilda bosilgan. Abdulla Qahhor ijodiy hayoti davomida 40 dan ziyod asar eʼlon qilgan. Bu kitoblar orasida 30 ga yaqin hikoyalar ham boʻlib, ular oʻzbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir. Abdulla Qahhorning nasriy asarlari orasida „Qoʻshchinor chiroqlari“ romani hamda „Sinchalak“ (1958), „Oʻtmishdan ertaklar“ (1965) va „Muhabbat“ (1968) qissalari muhim oʻrin tutadi. Undan tashqari „Boshsiz odam“, „Anor“, „Bemor“, „Oʻgʻri“, „Dahshat“, „Millatchilar“, „Sanʼatkor“, „Adabiyot muallimi“, „Oʻjar“, „Asror bobo“ kabi oʻnlab hikoyalar yozgan. „Shohi soʻzana“ (1949), „Ogʻriqtishlar“ (1954), „Tobutdan tovush“ (1962), „Ayajonlarim“ (1966) nomli komediyalar muallifi. Feletonlar, adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan.

KomediyalariTahrirlash

Abdulla Qahhorning isteʼdodi uchun komediya janri ham yaqin edi. Buni sezgan yozuvchi 50-yillar arafasida dramaturgiya sohasida ham qalam tebratib, shu davrning muhim mavzularidan biri — qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish mavzuida „Shohi soʻzana“ („Yangi yer“, 1949–1953) komediyasini yaratdi. Shuni aytish lozimki, bu komediyada qoʻriq yerlarning — Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishidan koʻra baʼzi kishilar ongidagi shoʻrning bartaraf etilishi mavzui birinchi oʻringa olib chiqilgan. Urushdan keyingi oʻzbek adabiyotidagi asosiy konflikt — yangilik bilan eskilik oʻrtasidagi ziddiyat bu komediyada oʻzining teran badiiy tasvirini topgan. Bu asarda Abdulla Qahhor ustalik bilan kulgili holatlar yaratgan va hajviy bo‘yoqlardan mohirona foydalangan holda konfliktni oʻziga xos ravishda hal qilgan. Ushbu komediya xorijiy mamlakatlar sahnasida ham oʻynalib, oʻzbek teatr sanʼatining kamol topib borayotganini namoyish etdi. Bundan ilhomlangan yozuvchi „Ogʻriq tishlar“ (1954), „Tobutdan tovush“ (1962) hamda „Ayajonlarim“ (1967) komediyalarini yaratdi. Bu asarlarda, xususan „Tobutdan tovush“da oʻsha davr uchun xos boʻlgan illatlar hajv oʻti ostiga olindi. Ayniqsa soʻnggi asarda Abdulla Qahhor oʻziga xos nozig tuygʻu bilan jamiyatdan poraxoʻrlikdek dahshatli illatni tag-tomiri bilan yoʻqotish istagida uning ayrim koʻrinishlarini sahnaga olib chiqdi, u „Soʻnggi nusxalar“ nomi bilan ham sahna yuzini ko‘rdi.

Tarjima asarlariTahrirlash

Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida oʻzbek tilini nozig his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi. U oʻzining nasriy asarlarida ham, komediyalarida ham tildan foydalanish va ona tilining cheksiz imkoniyatlarini namoyish etishning ajoyib namunalarini berdi va oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiy tilining kamol topishiga ulkan hissa qoʻshdi. Abdulla Qahhor hayotining soʻnggi kunlarida shoʻro jamiyatida shaxsga sigʻinishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi „Zilzila“ qissasi ustida ish olib bordi. Lekin uni tugata olmadi. Abdulla Qahhor tarjimon sifatida ham mashhur. U Pushkin, Lev Tolstoy, Gogol, Chexov asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirgʻiz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind, [[vetnam tili vetnam]] tillarida chop etilgan.

MukofotlariTahrirlash

Abdulla Qahhor Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1966) laureati.„Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2000). Uning nomi Toshkent va Qoʻqondagi bir necha koʻcha, maktab va jamoa xo‘jaliklariga, shuningdek madaniyat uylari va respublika Satira teatriga berilgan. Toshkentda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan (1987).

Nashr etilgan asarlarTahrirlash

  • Abdulla Qahhor. Asarlar (5 tomlik). -T. : Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot, 1987–1989.
  • Abdulla Qahhor „Zilzila“,— „Sharq yulduzi“, 1996, 11–12-son.

Abdulla Qahhor internetdagi elektron kutubxonalardaTahrirlash

AdabiyotTahrirlash

Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi