Abdulla Rahmat (Rahmatzoda) (1893-yil, Qoʻqon — 1937-yil) — oʻqituvchi, jurnalist. 1937-yilgi qatagʻon qurboni boʻlgan.

Abdulla Rahmat
Abdulla Rahmatzoda
Tavalludi 1893-yil
Vafoti 1937-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Moskva Oliy Jurnalistika instituti
Faoliyat yillari 1910—1937
Otasi Rahmat mudarris

Yoshligi tahrir

Abdulla Rahmat 1893-yilda Qo‘qon shahrida dunyoga kelgan. Otasi mudarris Rahmat Qo‘qonning eng nufuzli domlalardan bo‘lib, diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan. Abdulla Rahmat Ashurali Zohiriy rahbarlik qilgan eski maktabni tugatgandan soʻng, 1908-yilda Qo‘qon shahridagi to‘liqsiz oliy madrasada ham tahsil olgan. Keyinchalik maʼlum bir muddat eski usuldagi maktablarda dars bergan. O‘z ustida yaxshiroq ishlashni odat qilgan Abdulla Rahmat tarixchi Bo‘lat Soliyev va Ashurali Zohiriy hamkorligida shaxsiy mablag‘lar hisobiga ochilgan o‘rta maʼlumotli oʻqituvchilar tayyorlovchi „Dorul-muallimin“da ham bilim olgan. 1920-yili ushbu muassasani tugatib, Qo‘qon atrofidagi maktablarida oʻqituvchilik qilishni boshlagan.

Faoliyati tahrir

1920-yilda Farg‘ona shahridan ko‘chirib keltirilgan ikki bosqichli maktab bilan Qo‘qondagi „Dorul-muallimin“ qoʻshilib, Farg‘ona viloyat taʼlim-tarbiya texnikumiga aylantiriladi. Shundan soʻng, Abdulla Rahmat bu yerda ham ozroq taʼlim beradi. 1922-yilda Qo‘qonda faoliyat ko‘rsatgan „Botir gapchilar“ tashkilotiga, inqilob yillarida Toshkent va Samarqandda tuzilgan „Milliy ittihod“ (keyinroq uning nomi „Milliy istiqlol“ deb o‘zgartirilgan) aksilinqilobiy tashkilotiga aʼzo boʻlgan. Ashurali Zohiriyning maʼlumot berishicha, „Botir gapchilar“, „Milliy ittihod“ning yordamchisi emas, balki o‘zi alohida mustaqil „tashkilot“ hisoblangan. Tashkilot aʼzolari faqatgina Farg‘ona vodiysidagi shaharlarda emas, Samarqand va Toshkentda ham boʻlgan. O‘sha paytlarda Abdulla Rahmat tashkilot faollari safida boʻlgan. Shu sababli 1930-yilning yanvar oyi oxirlarida Ashurali Zohiriy qamoqqa olingandan bir hafta o‘tib, Abdulla Rahmat ham hibsga olinadi. Bu vaqtda Abdulla Rahmat „Farg‘ona“ viloyat gazetasida muharrir vazifasini bajargan. U o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni rad etgan. Natijada uni qamoqdan ozod qilishga majbur boʻlishadi. 1930-yilning iyuliga kelib u „qamalib chiqqan“lik sababi bilan ishdan bo‘shatilgan. Abdulla Rahmat Moskva Oliy jurnalistika institutiga sirtdan o‘qishga kirgandan soʻng, „Farg‘ona“ gazetasida ko‘plab maqolalari eʼlon qilina boshlaydi. Ushbu gazetada 1924-yili bosilgan „Iymon bilan ishlash — eʼtiqodga bog‘liq“, „Savodsizlikka olov yoqaylik“, „O‘quvchilarning dunyoga qarashi tarbiyachiga bog‘liq“ kabi yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlangan maqolalari uni butun Respublikaga tanitadi[1].

Jurnalistikani pedagoglik bilan birga olib borgan Abdulla Rahmat 1925-yil mart oyida Farg‘ona gazetasining bosh muharriri etib tayinlanadi. Bu ishda 1926-yilning oktabr oyigacha qoladi. Shundan keyin gazetani jurnalist Lutfulla Olimiy ixtiyoriga o'tkazib, o‘zi yana taʼlim-tarbiya texnikumida oʻqituvchilik qila boshlaydi. 1929-yilning martida Abdulla Rahmat yana bu gazetaga bosh muharrir bo‘ladi. Bu paytda mazkur nashrning nufuzi yanada ko‘tariladi.

Qatagʻon qilinishi tahrir

1937-yilning 6-noyabrida Abdulla Rahmatga millatchilik qilgani aybi qoʻyilib yana qayta qamoqqa olinadi. Unga har xil ayblovlar qoʻyilgan. Abdulla Rahmatzoda — kasbi o‘qituvchi-jurnalist, 1930-yilda aksilinqilobiy harakati uchun 5 yilga qamalgan, partiya safidan chiqarilgan. „Milliy ittihod“ aksilinqilobiy millatchi tashkiloti aʼzosi boʻlgan, bosmachilik harakatiga aʼzo boʻlgan. Hibsga olish vaqtida ishsiz. Aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlik, „Talabalar jamiyati“ aksilinqilobiy va millatchi jamiyatni tashkil etganlikda ayblanadi. Bosmachilik harakatiga qurol-yarogʻ yetkazib berishda, panislomizm yo‘lboshchisi Mulla Yoril Beriyev faoliyatini maqtashda ayblangan. SSSR NKVD № 00447 direktivasi asosida 1937-yilning 30-iyulidagi O‘zSSR NKVD uchligi majlisining 34-qarori bayonnomasiga muvofiq otuvga hukm qilingan, shaxsiy mulklari musodara qilingan[2].

Manbalar tahrir

  1. „Abdulla Rahmatzoda“. JADIDLAR. 2023-yil 1-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-iyun 2023-yil.
  2. Шамсутдинов Р. Репрессия 1937-1938 гг. Документы и материалы Выпуск 3 Жертвы Большого террора из Узбекистана 1937 год, ноябрь, Тошкент, 2007 — 133-134 bet.