Abdulla Sherov (1943-yil 5-avgust; Toshkent viloyati Chinoz tumani) — shoir, tarjimon va olim. Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Abdulla Sherov
Tavalludi 5-avgust 1943-yil (1943-08-05) (81 yosh)
Kasbi Shoir, tarjimon, olim
Ijod qilgan tillari oʻzbek tili
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Mukofotlari

Hayoti va faoliyati

tahrir

Abdulla Sherov 1943-yilda Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Yoʻltushgan qishlogʻida, hunarmand-misgar oilasida tug‘ilgan. 1960-yil oʻrta maktabni tamomlab, avval boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, keyin „Lenin bayrogʻi“ tuman gazetasida adabiy xodim boʻlib ishlagan. 1970-yilda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1969-yildan boshlab „Guliston“ jurnali va „Oʻzbekiston Fizkulturachisi“ gazetasida turli lavozimlarda ishlagan. 1981-yilda Moskvada Oliy adabiyot kursini tamomlagan. Oʻsha yili shoir „Yoshlik“ jurnalida masʼul kotib lavozimida oʻz faoliyatini boshlagan[1]. 1984-yildan Yozuvchilar uyushmasi birinchi kotibi oʻrinbosari, Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati boʻlimi masʼul kotibi lavozimlarida ishlagan. 1989-yildan boshlab, 22 yil davomida Abdulla Sher Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023-yilda shoirning 80 yilligi keng nishonlangan[2].

Abdulla Sher 1958-yilda ijodga kirib kelgan. 1959-yilda ilk sheʼri matbuotda eʼlon qilingan. 1973-yilda shoirning ilk sheʼriy toʻplami „Koʻklam tabassumi“ nomi bilan nashr etilgan. Shundan keyin birin-ketin „Alyor“, „Atirgul soyasi“, „Roz“, „Kuz hiloli“, „Qadimgi kuy“, „Nuqtadan soʻng“, „Toqat“, „Yonayotgan yoʻl“, „Yomgʻirlar oralab“, „Sarbast qoʻshiqlar“, „Sevgi olmoshi“, „Sevilmagan mening sevgilim“, „Gul yillar, bulbul yillar“ kabi sheʼriy va „Asrlarning asraganlari“ nomli nasriy asarlari nashrdan chiqqan. Shoir tarjima sohasiga ham oʻz hissasini qoʻshgan. Jumladan, Bayronning „Don Juan“, Heinrich Heinening „Qoʻshiqlar kitobi“ asarlarini olmonchadan tarjima qilgan. Rus tilidan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Axmatova, Charents, Tvardovskiy kabi shoirlarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Bundan tashqari shoirning sheʼrlari ham rus, litva, ingliz, ispan, ozarbayjon, turk, qozoq, qrim tatar kabi bir qator tillarga tarjima qilingan. Shuningdek, u "Axloqshunoslik" va "Estetika" fanlaridan oʻquv qoʻllanmalar va darsliklar muallifi. Quyida shoir ijodidan namuna:

 * * *
Men shoirman, Yegishe Charents…
(Yegishe Charents)

Men shoirman, men — Abdulla Sher,
Barloslarning sarkash farzandi.
Aytgil Osmon, aytgil ona Yer:
Oʻz asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: «Zoʻrdir ganj kuchi,
Egilib ol, unda shon, mulk bor!»
Egildimu, qalamim uchi
Yuragimga qadaldi ilk bor.

Laʼnat aytib bunday ustozga,
Tutdim, shunday, yoʻllar baridan.
Koʻklamlarni yetaklab yozga,
Chiqmoq boʻldim Vaqtning qaʼridan.




Yuksaklar deb yondim oshufta,
Somon yoʻli hushimni oldi.
Ammo kiprik sanchilgan shiftda
Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi.

Qah-qah urdi umr boʻshligʻi,
Oʻt qoʻyganda orzuga armon.
Yalligʻlangan yillar qoʻshigʻi
Yondiradi boʻgʻzimni hamon.

Men yonaman: na yov, na doʻstim
Qoraytolgan ufqimni yerda.
Men olovman: zulmatni toʻsdim, —
Vatanim deb choʻgʻlandim sheʼrda!

Mukofotlari

tahrir

Shoir 1975-yildan Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi va 1977-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi[3]. Abdulla Sher 2000-yilda Oliy ta’lim a’lochisi koʻkraknishoni bilan taqdirlangan. 2023-yilda shoirga Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni berilgan[4][5][6][7].

Manbalar

tahrir