Hayoti tahrir

Abdulloh Marvorid (asl ismi Xoja Shahobiddin Abdullo bin Muhammad Kirmoniy) - shoir, olim, munshiy, musiqashunos va bastakor[1].

Vazir oilasida tavallud topib, yaxshi taʼlim olgan. Husayn Boyqaro saltanatida muhrdor, vazir va parvonachi vazifasida xizmat qilgan. Shoirlikda Jomiyni oʻziga ustoz deb bilgan, Bayoniy taxallusi bilan ijod qilgan.

Ijodi tahrir

Abdulloh Marvoridning qasida va gʻazallar devoni, "Xusrav va Shirin" dos­toni hamda "Munis ul-ahbob" ("Doʻstlar hamrozi") ruboiylar toʻp­lamining muallifi. Roqimiy uni „maʼnolar dengizi gavharining gʻavvosi“ deb taʼriflaydi. "Tamsilot" ("Tashbehlar") maj­muasi ham mashhur boʻlgan. "Munshaoti Marvorid" ("Marvorid insholari") kitobida davlat ahamiyatiga molik farmonlar, maktublar, taʼziyanomalarni toʻplagan. Bu hujjatlar toʻplami oʻsha davrdagi Xuroson, Movarounnahr, Eron, Hindiston, Ozarbayjonning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-adabiy hayotini oʻrganishda muhim manba vazifasini oʻtaydi.

„Munshaoti Marvorid“ asari „Insho“, „Manoqib“, „Tarassul“ („Maktublar“), „Sharafnoma“ kabi nomlar bilan ham atalgan. Uning qoʻlyozmalari jahonning koʻp­lab fond­lari, jumladan, bir nusxasi Tosh­DShI ShQMda saqlanadi. Nemis olimi R.Remer 1952-yilda uni tarjima qilib, izohlar va fotonusxasi bilan birga nashr ettirgan.

"Munshaot" Navoiy hayoti va ijodini yoritishda ham muhim ahamiyatga ega. Undan shoirning Shirvon hukmdori Farruxshoh, Xoja Shamsiddin Ali va boshqalarga yozgan, Jomiyning Navoiyga yoʻllagan maktublari oʻrin olgan. Navoiyning hajga borishi uchun Husayn Boyqaro bergan ijozatnomadan shohning ulugʻ shoirga munosabatini bilib olish mumkin. „Munshaot“dan Husayn Boyqaroning 1487-yilda Navoiyni Astarobodga hokim etib tayinlangani munosabati bilan oqquyunlilar hukmdori Sulton Yaʼqubga yoʻllagan maktubi ham oʻrin olgan.

Alisher Navoiy bilan munosabati tahrir

Abdulloh Marvorid Navoiyning yordami va rahbarligida musiqadan yaxshi saboq oladi, mohir musiqashunos boʻlib yetishadi va musiqa haqida maxsus risola yozadi. U Navoiyning „Din ofati bir mugʻbachai mohliqodur“ deya bosh­lanadigan mashhur mustazodiga „Sarmas­tu yaqo chok“ nomi bilan kuy bastalagan. Zay­niddin Vosifiyning „Badoeʼ ul-vaqoe“ asarida maʼlumot berilishicha, „bu qoʻshiq oʻsha vaqtda Hirotda juda mashhur boʻlgan: u kuylanmaydigan biror uy va bu ashulani eshitib yoqasini chok qilmaydigan biror tinglovchi topilmagan“.

Vafoti tahrir

Abdulloh Marvorid 1516-yili Hirot shahrida vafot etgan.

Manbalar tahrir

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at" (O'zbek tilida). "Sharq" NMAK, 2016 — 35 bet.