Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy

Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy — (798—869 yillar.) muhaddis bo‘lgan.

Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis

Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Doramiy haqidagi maʼlumotlar, asosan, oʻrta asrlarda yashagan mashhur arab mualliflarining asarlarida uchraydi. Mana shu asardagi maʼlumotlardan maʼlum boʻladiki, Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy 181/798—yilda Samarqandning qadimgi mavzelaridan biri Dorimda tug‘ilgan. Xuddi shu yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu tarixiy voqea sabab Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyga „Abdulloh“ deb ism qoʻyilgani qayd etiladi. Muhaddisning bobosi „Banu Tamim“ qabilasi mavlosi hamda Paygʻambar (s.a.v.)ning kotiblaridan biri boʻlgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bogʻlangan holda allomaga „Doramiy“ nisbasi qoʻllangan. Shu bilan birga, Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyni „Doramiy“ nisbasi bilan ataganlar ham bor. Abu Tohirxoja „Samariya“ asarida Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy haqida: "…U hadis aytuvchilardan. Shavdor tumaniga qarashli Ispaniy qishlogʻidandir. U Samarqand muzofotidan boʻlgan, qadimda „Doram“ deb ataladigan qishloqdan boʻlgani uchun Doramiy deb dong chiqargan…. Doramiyning tarjimai holi belgilik emas…" kabi mazmundagi maʼlumotni keltiradi. Bunda Abu Tohirxoja uning nisbasini „Doram“ deb nomlangan joy nomi bilan bogʻlaydi. Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy yoshlik chogʻlaridan boshlab favqulodda aql-zakovati, oʻtkir zehni, ayniqsa, quvvai hofizasining oʻta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Uning gʻayritabiiy iqtidori va alohida salohiyati xususida xalq orasida bir qancha rivoyatlar yurganligi haqida ham manbalarda qayd qilinadi. Dastlabki bilimini oʻz yurti Samarqandda olib, soʻngra oʻsha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlar — Qohira, Damashq, Bagʻdod, Makka, Madina, shuningdek, Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli muhaddislardan oladi. Bir necha yil davom etgan ilmiy safarlari davomida Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy Yazid ibn Xorun Vositiy, Ubaydulloh ibn Muso Abu Mugʻiyra Faryobiy, Abdusamad ibn Abdulvori, Yahyo ibn Hasan, Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar Zahroniy va boshqa koʻpdan-koʻp yetuk muhaddislardan hadislar oʻrganadi. Ilm yoʻlidagi bo‘lgan saʼy-harakatlari va izlanishlari natijasida Doramiy hadis, tafsir va fiqh ilmlarining atoqli allomasi darajasiga koʻtariladi. Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy haqda yozgan mualliflarning aksariyati Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyning „Samarqandda hadis va arxeologiya (al-osor) ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor“, deb yakdillik bilan alohida taʼkidlaganlar. Oʻz davrining ilm ahli orasida beqiyos obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy bir qancha muddat Samarqandda Shayxulislom boʻlgan.

Asarlari

tahrir

Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyning ilmiy-maʼnaviy merosini „Al-musnad“, „At-tafsir“, „Al-jomiʼ“, „As-sulosiyot fi-l-hadis“, „Kitobu-s-sunna fi-l-hadis“ va „Kitob savmu-l-mustahozoti va-l-mutaxayyirot“ kabi as. tashkil qiladi. Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyning eng mashhur asari, shubhasiz, „Al-musnad“ bo‘lib, bu asar „Sunanu-d-Doramiy“ nomi bilan mashhur. Asar ikki jilddan iborat holda 1996 y.da Livanning poytaxti Bayrutdagi „Doru-l-kutubi-l-ilmiyya“ matbaasida chop etilgan. Ushbu ikki jildli asar muqaddima va yigirma uch kitobdan iborat. Oʻz navbatida, har bir kitob ham koʻp sonli (jami ellik ettita) boblardan tashkil topgan. Eʼtiborli tomoni shundaki, Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy „Sunan“ida keltirgan hadislardan deyarli u yashagan davrda faoliyat koʻrsatgan buyuk muhaddislar Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj, Abu Dovud Sijistoniy, Termiziy, Nasafiy, Ibn Moja va boshqa koʻplab taniqli hadisshunoslar oʻz hadis toʻplamlarida u kishidan hadis rivoyat qilganlar. Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlaridan atigi oʻn uch yosh katta boʻlgan. Ular ayni bir vaqtda, yaʼni IX asrda hadislar bilan astoydil shugʻullanganlar. Shu bois, bu ikkala buyuk muhaddis bir-birlarini shaxsan bilganlar. Bu fikrimizga dalil tariqasida tarixchi Shamsiddin Zahabiyning „Siyaru aʼlami-n-nubala“ nomli asarida keltirilgan quyidagi maʼlumotni koʻrsatish mumkin. "Is’hoq ibn Ahmad ibn Xalaf shunday degan: "Bir kun ustoz Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning huzurlarida oʻtirgan edik. Shu payt ustozga bir maktub keltirdilarki, unda Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyning vafoti (u Imom Buxoriydan atigi bir yildan oldin — 869 yilda vafot etgan.) haqida xabar qilingan ekan. Bu noxush xabardan ustoz chuqur qaygʻuga botib, boshini quyi egdilar. Bir muddatdan keyin boshini koʻtarib, koʻzlari limmo-lim yoshga toʻlgan holda hasratu gʻamginlik bilan: „Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun“ („Biz hammamiz Allohga mansubmiz va albatta unga qaytajakmiz“) oyatini aytib: „Sening tirik boʻlishing uchun doʻstlar hammasi jonlarini fido qilishga tayyor edilar-ku“, — deb yuzlariga duoi fotiha tortdilar". Mana shu muxtasar lavhadan ham koʻrinib turibdiki, Imom Buxoriyning alloma Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiyga nisbatan ehtiromi cheksiz boʻlgan. Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy haqida boshqalar gʻoyatda yuksak baho berganlar. Abu Shaddod ismli muhaddis: „Abu Muhammad Abdulloh Doramiy hadis ilmida bamisoli bir dengiz edi“, — deb taʼkidlagan boʻlsa, Muhammad ibn Bushor ismli taniqli olim: „Nomi chiqqan Qurʼon hofizlari dunyoda toʻrtta: Rayda Abu Zurʼa, Nishopurda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy, Buxoroda Muhammad ibn Ismoil Buxoriy“, — degan. Yirik hadisshunos olim Abdurrahmon ibn Abi Hotim ota-sidan rivoyat qilib: „Abdulloh ibn Abdurrahmon Doramiy oʻz zamonidagi barcha donishmandlarning peshvosi boʻlgan“, — deb yozgan[1].





Adabiyotlar

tahrir
  • „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.

Manbalar

tahrir
  1. Ўзбекистон – буюк алломалар юрти. – Б. 29; Юртимиз алломалари. – Б. 173.