Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy

tasavvuf olimi, mutasavvif shoir

Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy (arabcha: أبو الوفاء الخوارزمي) — tasavvuf olimi, mutasavvif shoir.

Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 1432-yil (hijriy 835-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi tasavvuf olimi, mutasavvif shoir

Manbalarda uning „Lavoyihi asror“ („Ravshanlik sirlari“) va „Nasr ul-javohir“ („Nasr durdonalari“) nomli ilmiy-tasavvufiy ruhda risolalar yozgani to‘g‘risida maʼlumot berilgan. Lekin u asosan ruboiylari bilan mashhur bo‘lgan. Taniqli afg‘on adabiyotshunos olimi Najib Moyil al-Hiraviy Tehronda nashr etilgan „Dar shabistoni irfon“ („Irfon xilvatxonasida“) asarida Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy haqida ham muxtasar gapirib, uning 146 ta ruboiysini ilova tariqasida keltiradi. Bu ruboiylar Tehron Milliy kutubxonasida 306-raqam ostida saqlanayotgan „Jungi asrori irfon“ („Irfon sirlari daftari“) to‘plamidan olingan. Tehronda 1993-yil chop etilgan „Ruboiynoma“ to‘p­lamiga esa shayx-shoirning 98 ta ruboiysi kiritilgan.

Ruboiylari

tahrir

Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy ruboiylari vahdat al-vujud taʼlimotining sheʼriy ifodasi hisoblanadi. U tasavvuf nazariyasi talab-qoidalarini sheʼriy usulda bayon qilib bergan. Bu dunyoning o‘tkinchiligi, nafs va jismning Haq yo‘lida to‘siqligi, haqiqiy hayot Alloh huzurida ekanligi, buning uchun kamolot kasb etib, xulqni poklash, komillik martabasiga erishish zarurligi, Alloh haqiqatlar haqiqati ekani, uni aql bilan anglab bo‘lmaslik, faqat yuksak maqomga ko‘tarilgan ko‘ngil holi bilan uni tanish mumkinligi, Alloh ehtiyojsiz Zot ekani, bu dunyoni oshkor qilib, o‘zini pinhon tutgani, banda ko‘ng­liga ilohiy ishq Allohning o‘zi tomonidan solinishi, o‘zini bilgan hoyu havasga qul bo‘lmasligi, darveshlik, zavqu talab, dardmandlik, faqru fano, Haq yo‘lida o‘zni unutish, nomu nishonsizlik va boshqalar Abu-l-­Vafo al-Xorazmiy ruboiylarining asosiy mavzusi hisoblanadi.

Abu-l-­Vafo al-Xorazmiyning nomi „Majolis un-nafois“ning birinchi majlisi va „Naso­yim ul-muhabbat“da tilga olinadi. Na­voiy uning avliyo zot ekanini, Xorazm xalqi orasida „yer farishtasi“ nomi bilan shuhrat qozonganini, zohiriy va botiniy ilmlarni yaxshi o‘zlashtirganini aytib, tasavvuf va musiqa ilmiga doir risola bitgani haqida maʼlumot beradi va quyidagi ruboiysini keltiradi:

Bad kardamu eʼtizor badtar zi gunoh,

Zero, ki dar in hast se daʼviyi taboh:

Daʼviyi vujudu daʼviyi quvvatu feʼl,

La havla va la quvvata illa billah.

Mazmuni: Uch nohaq daʼvo sabab yomon ish qildimki, uzri gunohdan battar: ular vujud, quvvat va feʼl daʼvosi bo‘lib, barcha kuch va qudrat sohibi Allohdir[1].

Havolalar

tahrir
  1. https://ziyouz.uz/jahon-sheriyati/fors-tojik-sheriyati/abulvafo-xorazmiy.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.