Abu Bakr Fazl
Abu Bakr Fazl — muhaddis alloma, Chor Bakrlardan biri. U Somoniylar davlati poytaxti Buxoro shahrida Ismoil Somoniydan boshlab Ahmad, Abu Hasan, Nuh ibn Nasr hukmronligi yillarigacha saroyda yashab, faoliyat ko‘rsatgan.
Abu Bakr Muhammad ibn al-Fazl bin Ja’far al-Buxoriy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | IX asr |
Vafoti |
936/937-yil Buxoro |
Dini | islom |
Tarjimayi holi
tahrirUning to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn al-Fazl bin Ja’far al-Buxoriy bo‘lib, tarixiy kitoblarda „al-shayx, al-islom, zohid“ nomlari bilan qayd etilgan. Shayx Abu Bakr Alining safdoshi Imom Ja’far avlodidan bo‘lib, Buxoroga somoniylar davrida kelib, shu yerda yashab qolgan. Uning qabri Buxoroda — Shohmalik va xonaqoh ko‘chalari orasidagi qabristonda.
„Tarixi G‘unjoriy“ va boshqa kitoblarda qayd etilishicha, Abu Bakr Fazl Qur’on ta’limoti amallaridan o‘zini xoli tutmagan zohid odam bo‘lgan. „Tarixi Mullozoda“ kitobida muhaddis Abu Bakr Fazlning fatvo berishda o‘ta mohirligi tufayli Buxoroda Muhammad payg‘ambar mazhabidan tashqari boshqa mazhablar inkor etilgan va yo‘qotilgan. Buxoroliklar har ishda Abu Bakr Fazl fatvolariga amal qilganlar. Abu Bakr Fazl to‘plagan musnad hadislari miqdori juda ko‘p bo‘lgan[1].
Iso ibn Muso al-G‘unjoriy o‘zining „Tarixi G‘unjoriy“ kitobida Abu Bakr Fazlning „Musnadi Fazl“ kitobi juda mashhur ekanligini, solim hadislar ustuni deb tan olinganini ta’kidlaydi. „Musnadi Fazl“ kitobi Chingizxon bosqini paytida yoqib yuborilgan. Manbalarda qayd etilishicha, Masjidi Kalonda bosqindan oldin katta-katta temir sandiqlar mavjud bo‘lgan. Uning ichida o‘ta muqaddas, qiymati juda baland kitoblar saqlangan. Chingizxon kelib Buxoroni xarobaga aylantirib, javohir to‘la temir sandiqlar ichidagi kitoblarni kuydirib, sandiqlarning o‘zini otlarga oxur qilgan. Shuning natijasida „Musnadi Fazl“ kitobining faqat nomi qolgan.
Abu Bakr Fazl hijriy 325-yil (milodiy 936-yil)da Buxoroda vafot etgan[2].