Abulqosim Samarqandiy (arabcha: أبو القاسم سمرقندي — Abulqosim Samarqandiy — Toʻliq ismi: Abulqosim ibn Abu Bakr Laysiy Samarqandiy (XV asr)) — Faqih, tilshunos va adib.

Abulqosim Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Faqih, tilshunos, adib

Hayoti va Faoliyati

tahrir

XV asrning ikkinchi yarmida yashagan mashhur hanafiy faqih, tilshunos va adibning toʻliq ismi — Abulqosim ibn Abu Bakr Laysiy Samarqandiy boʻlib, tavallud topgan yili haqida maʼlumot topilmadi. 888/1483-yildan keyin vafot etgan[1]. AllomaningRisola fi-l-istiʼora“ („Istiora haqida risola“) yoki „Risolatu-t-tarshihiya“ („Tozalash risolasi“) nomli kitobi Sharq xalqlari oʻrtasida keng tarqalgan boʻlib, uning beshta qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA Sharqshunoslik institutida (inv. № 2434/1, 2979/IX, 4070/III, 4070/XII) saqlanmoqda. Asar 888/1483 yillar atrofida yozilgan boʻlib, „Al-istiʼorotu-s-Samarqandiya“ („Istioralar haqida Samarqandiy risolasi“) yoki „Faroidu-l-favoid li tahqiq maoniyi-l-istiʼora“ („Istiora maʼnolarini aniqlashda foydalar durlari“) deb ham yuritiladi. U uch qism — „iqd“ („marjon“)dan iborat boʻlib, har bir „iqd“ oʻz navbatida bir necha „farida“ („dur“)lardan tashkil topgan. Mazkur asarning bir nusxasi (inv. № 2434/1) 1227/1812 yili Buxoro amir Haydar (1215/1800-1242/1826) uchun tayyorlangan. Asar muallif yashagan davrda ham va undan soʻng ham sevib oʻqilgan, oʻrganilgan va unga bir qancha tilshunos olim va adiblar tomonidan sharhlar yozilgan. Jumladan, 944/1537 yili Samarqandda vafot etgan. Isomuddin Ibrohim ibn Muhammad ibn Arabshoh Isfaroiniy „Sharhu-l-istioroti-s-Samarqandiy“ („Samarqandiy istioralariga sharh“) va Mulla Muhammad Sodiq „Sharhu-r-risolati-s-Samarqandiya“ („Samarqandiy risola­si­ga sharh“) nomli arab tilida yozilgan asarlari adib Abulqosim „Istiora“larini sharhlashga bagʻishlangandir. Bu sharhlarning toʻrtta qoʻlyozma nusxasi Beruniy nomidagi sharqshunoslik insti­tu­tida (inv. № 1395/III-IV, 2434/III, 8949/X) saqlanmoqda[2]. AllomaningRisola fi-l-istiora“ nomli asari va unga yozilgan sharhlarning qoʻlyozmalari dunyoning juda koʻp kutubxonalarida saqlanadi. Asar bir necha marotaba toshbosmada chop etilgan. 2005-yil Adnon Umar Xatibning tarjima va tahqiqi asosida, arab tilida DamashqdagiDoru-l-asmoʻnashriyotida ham nashr etilgan. Shuningdek, bizga allomaning yana: „Sharhu-l-uzdiya“ („Uzdiya sharhi“), „Riyozatu-l-axloq“ („Axloq riyozati“), „Hoshiya alo sharh miftohi-l-ulum li-s-Sakkokiy“, („Sakkokiyning ilmlar kaliti sharhiga hoshiya“), „Hoshiya alo asrori-t-tanzil va anvori-t-taʼvil li-l-Bayzoviy“ („Bayzoviyning nozil boʻlgan narsalarning sirlari va taʼvil nurlariga hoshiya“) nomli asarlari maʼlum.[3]

Asarlari

tahrir
  • „Risola fi-l-isti’ora“ ,
  • „Sharhu-l-azdiya“,
  • „Riyozatu-l-axloq“,
  • „Bulug‘u-l-irb min tahqiq isti’orati-l-arab“,
  • „Hoshiya ala sharhi miftohi-l-ulum li-s-Sakkokiy“,
  • „Hoshiya ala tafsiri-l-Bayzoviy“,
  • „Hoshiya alo asror at-tanzil va anvor at-taʼvil li-l-Bayzoviy“,
  • „Ar-risolatu-t-tarshihiya“



Adabiyotlar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Zirikliy. Al-aʼlom. J. 5. — Bayrut: Doru-l-ilm li-l-malayin, 2002. — B. 173; Umar Rizo Kahhola. Muʼjamu-l-muallifiyn. J. 8. — Bayrut: Dor ihyoi-t-turosi-l-arabiy, 2009. — B. 103.
  2. Abdullaev I., Hikmatullaev H. Samarqandlik olimlar. — T.: Fan, 1969. — B. 74.
  3. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 536.