Abusayid Abulxayr, Fazlulloh ibn Abulxayr Ahmad (967 – Mehna – 1049) – taniqli tasavvuf namoyandasi.

Yoshlik va tahsil

tahrir

Uni bolaligida soʻfiy shoir Qosim Bishr ibn Yosinga koʻrsatganlarida, Bishr ibn Yosin Abusayid Abulxayrning tasavvufda yuksak maqomlarga erishishini bashorat qiladi. Abusayid Abulxayr oʻsmirlik chogʻida Marvga borib, besh yil Abu Abdulloh Muhammad al-Xusariy, yana shuncha yil Abu Bakr Abdulloh al-Qaffol (1026-yilda vafot etgan)dan shofiʼiylik fiqhi boʻ­yicha saboq oladi. Saraxsda Abu Ali Zohir ibn Ahmad (999-yil)dan tafsir, hadis va kalom ilmini oʻrganadi. Darvish Luqmon Saraxsiy (taxminan 997-yil) Abusayid Abulxayrni Abulfazl Hasan Saraxsiyning xonaqohiga boshlab keladi. U shayx Abulfazl Saraxsiy taʼsirida olimlikni tark etib, tariqat odobini oʻrganadi. Abusayid Mehnada 15 yil umr kechirib, shuning deyarli yetti yilini toʻliq uzlat (yolgʻizlik)da oʻtkazgan, odamlar nigohidan chetda, yarim och holda yashagan. Bu davrda u “chillai maʼkus” – boshini pastga egib osilgan holda zikr qilish vazifasini ado etgan.

Shayxlik va taʼlimot

tahrir

Abusayid Abulxayr birinchi shayxlik xirqasini mashhur soʻfiy Abu Abdurahmon Sullamiy (1021-yilda vafot etgan)dan Nishopur shahrida, ikkinchisini Omulda soʻfiy Abul Abbos Ahmad bin Qassobdan olgan. Abusayid Abulxayr hayotining ikkinchi yarmida oʻz yurtida tariqat ahlining peshvosi sifatida tanilib, xonaqohi hamisha murid va muxlislar biln gavjum boʻlgan. U tasavvufni nafs tarbiyasi va qalb tasfiyasiga oid taʼlimot, deb bilgan. Uning taʼlimotida odob-axloq, solikning maʼnaviy olami va odobiga alohida ahamiyat qaratilgan. Abusayid Abulxayr tasavvufda birinchi boʻlib murid va murshid-shayxning odobi haqida har biri 10 banddan iborat axloqiy dastur yaratgan. Unda samoʼ majlislarida sheʼr, kuy va qoʻshiqqa keng oʻrin berilgani aholi orasida tariqatining ommalashuvi, shu bilan birga rasmiy dindorlarning keskin eʼtiroziga sabab boʻladi. Abusayid Abulxayr taʼlimotiga ergashuvchilar asosan oʻz yurtida boʻlib, bu taʼlimot 1154-yilgacha amal qilgan. Mehna 1154-yilda oʻgʻuzlar tomonidan zabt etilganidan soʻng, Abusayid Abulxayrning avlod va izdoshlari butkul qatl qilinadi.

Ijodiy merosi

tahrir

“Nasoyim ul-muhabbat” muqaddimasida Abusayid Abulxayr “sultoni tariqat” deya ulugʻlanib, valiylikning asosiy shartlaridan biri –riyozatni sharhlashda u bajargan “chillai maʼkus” vazifasi haqida maʼlumot beriladi. Shuningdek, Shayx Abulqosim Gurgoniy, Xoja Muzaffar bin Hamdon, Xoja Muhammad Maʼshuq Tusiy kabi shayxlar bilan suhbatda boʻlgani, Shayx Abu Ali Formadiy, Shayx Ahmad Zindapili Jom, Xoja Shamsiddin Muhammad Koʻsoʻiy Jomiyning xirqa va silsilasi unga borib taqalishi bildirilgan. Abusayid Abulxayrning avlodlaridan Xoja Muayyad Mehna va Xoja Ruknuddin Mehna kabi tariqat peshvolari yetishib chiqqan. Shayx qalamiga mansub “Havroiya” ruboiysi dardlarga shifo tumor sifatida mashhur boʻlgan. Unga Xoja Ahror Valiy, Mavlono Yaʼqub Charxiy va boshqalar sharhlar yozishgan. “Majolis un-nafois”ning 7-majlisida ushbu ruboiyni Amir Temur ham yod bilgani va bir qalandar qoshida “Abdol zi bim chang dar Musʼhaf zad”ni oʻqiganligi haqida hikoyat keltirilgan.

“Lison ut-tayr”da keltirilgan hikoyatda esa, riyozat tufayli Shayxga hidoyat eshiklari ochilgani bayon qilinadi[1][2][3][4].

Manbalar

tahrir
  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat". 
  2. "Majolis un-nafois". 
  3. "Nasoyim ul-muhabbat". 
  4. "Lison ut-tayr".