Advokatura — advokatlarning uyushgan koʻngilli jamoat tashkiloti. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 116-modda 2-qismida sud va tergov ishini yuritish har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga) yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat koʻrsatishi belgilangan. Advokatura tashkil etish va ish tartibi qonun bilan belgilanadi.

„Advokatura toʻgʻrisida“gi Qonunda (1996-yil 27-dekabr) taʼkidlanishicha, Advokatura huquqiy muassasa hisoblanib, u advokatlik faoliyati hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatadi, oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 3-bobida koʻrsatilgan Konstitutsiya va qonunning ustunligi toʻgʻrisidagi prinsip hamda mustaqillik va boshqa demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi.

Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan shaxs oʻz advokatlik byurosini ochib yakka tartibda faoliyat koʻrsatishga yoxud ixtiyoriylik asosida boshqa advokatlar (sheriklar) bilan hay’atlar va firmalar tuzishga haqlidir. Advokatlar byuro, hay’at va firmalari, shuningdek, advokatlar birlashmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda roʻyxatga olinadi. Advokatlar byuro, hay’at va firmalarini tuzish, ular tuzilishi, shtatlari, vazifalari, mablagʻ sarflash tartibi, rahbar organlarining vakolatlari, ularni saylash tartibi hamda advokatlar byuro, hay’at va firmalarining faoliyatiga doir boshqa masalalar ularning ustavlari (nizomlari) bilan tartibga solib turiladi. Advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.Advokatura mablagʻlari, davlat bilan advokatura oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar „Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida (1998-yil 25-dekabr) belgilab berilgan. Advokaturalar qonunda belgilangan tartibda advokatlarning jamoat birlashmalarini tuzishi mumkin ( Oʻzbekiston advokatlar uyushmasi).

Advokatura to'g'risidagi qonunning 9 moddasida Yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim (shartnoma) deb ifodalangan:

Advokatlik faoliyati advokat va ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) o‘rtasida tuziladigan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.

Yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim (shartnoma) ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) bilan advokat o‘rtasida ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) o‘ziga yoki u tayinlagan shaxsga yuridik yordam ko‘rsatish uchun oddiy yozma shaklda tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomadan iboratdir.

Yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni (shartnomani) bekor qilish masalalari, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.

Advokat, unga qaysi adliya organi tomonidan guvohnoma berilganligidan qat’i nazar, ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) bilan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni (shartnomani), uning yashash joyi yoki joylashgan yeridan qat’i nazar, tuzishga haqli.

Yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimning (shartnomaning) muhim shartlari quyidagilardan iborat:

topshiriqni bajarishni ishonchli vakil sifatida o‘z zimmasiga olgan advokat haqidagi, uning guvohnomasi rekvizitlari ko‘rsatilgan holdagi ma’lumotlar;

topshiriqning predmeti;

ko‘rsatilayotgan yuridik yordam uchun ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) tomonidan haq to‘lash shartlari;

advokatning topshiriqni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi va miqdori;

topshiriqni bajarishni o‘z zimmasiga olgan advokat javobgarligining miqdori va xususiyati.

Advokatning haq olishi hamda topshiriqni bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish huquqi ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) maxsus ruxsatisiz uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.

Ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) tomonidan advokatga to‘lanadigan haq va advokatning topshiriqni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimda (shartnomada) nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda tegishli advokatlik tuzilmasining kassasiga kirim qilinishi yoki advokatlik tuzilmasining bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazilishi shart.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil