Aeratsiya
Aeratsiya (yun. aero..) — 1. Suv A.i — suvni havo kislorodi bilan toʻyintirish. Vodoprovod suvini tozalash inshootlarida suvdagi temir gidrooksidni, erkin karbonat angidridini, vodorod sulfidin chiqarib yuborish hamda suvning sifatini yaxshilash; oqova suvlarni biologik tozalash inshootlarida (aerotenk, aerofiltr, biofiltrlarda) mikroorganizmlarning yashash sharoitlarini taʼminlash maqsadida A. amalga oshiriladi. 2. Bino A.si — bino ichi va tashqarisidagi havo zichliklari orasidagi farq hisobiga va shamolning bino devoriga hamda ustyopmasiga taʼsiri hisobiga amalga oshadigan tabiiy-tashkiliy havo almashinish. Ortiqcha issiqligi boʻlgan sanoat binolari va sexlar (temirchilik, quymachilik, prokat va boshqalar)da qoʻllanadi. Binolardagi ortiqcha issiqlikning energiya sarflamay turib almashinishiga imkon beradi. Bino A.sida deraza yoki tirqish orqali binoning pastki qismiga kelgan tashqi havo issiq va ifloslangan havoni binoning yuqori qismidagi tirqish (aeratsiya fonari)dan siqib chiqaradi. Yilning sovuq davrlarida xizmatchilar shamollamasligi uchun havo poldan kamida 4 m balandlikdagi tirqishdan kiritiladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |