Agrosanoat integratsiyasi
Agrosanoat integratsiyasi — qishloq xoʻjaligi va sanoat tarmoqlarining iqtisodiy, fan-texnika, texnologiya va boshqa xoʻjalik imkoniyatlarini birlashtirish (qoʻshish) orqali ishlab chiqarish va mehnatning umumlashtirilishi. Xom ashyo ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni oʻzaro muvofiq holda rivojlantirish kooperatsiya (toʻgʻridan toʻgʻri kontraktatsiya va shartnoma asosida), shuningdek kombinatsiya (xom ashyo yetishtiradigan va uni qayta ishlaydigan korxonalarning tashkiliy birlashishi) yoʻli bilan olib boriladi. Integratsiya jarayonlari, asosan agrosanoat korxonasi koʻrinishida eng izchil rivojlanadi. Boshqarish, rejalashtirish, birgalikda fondlar, moddiy-texnika taʼminotini markazlashtirish, korxonalar, yordamchi xizmat muassasalari yaratish va boshqa pirovard mahsulot olish uchun ishlab chiqarishdagi barcha bosqichlarning uzviy birlashishiga zamin yaratdi. Agrosanoat integratsiyasining rivojlanishi, bir tomondan, qishloq xoʻjaligi sohasiga boshqa sohalarning, birinchi navbatda sanoatning kirib kelishini, ikkinchi tomondan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining borgan sari umumiy xalq xoʻjaligi bilan uygʻunlashib borishini anglatadi. Tarmoqlararo ba-lans hisob-kitoblariga koʻra, hozirgi paytda qishloq xoʻjaligi sanoatdagi asosiy tarmoqlarning yarmidan koʻprogʻi mahsulotlaridan foydalanmoqda. Agrosanoat integratsiyasining sanoat va xalq xoʻjaligidagi boshqa tarmoqlari bilan qoʻshiluvi qaysi darajada sodir boʻlmasin, ob’ektiv jarayon — integrasiyani bildiradi. Integratsiya natijasida agrar va sanoat faoliyatlarini umumiy texnologik jarayon asosida yagona xoʻjalik majmui tarzida birlashtiradigan agrosanoat korxonalari, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulot olishning barcha bosqichlarini oʻz ichiga oladigan hududiy, tashkiliy va texnologik birlashgan korxonalar majmui boʻlgan agrosanat birlashmalari va mamlakat xalq xoʻjaligi miqyosida agrosanoat maekmui yuzaga keladi. Oʻzbekistonda Agrosanoat integratsiyasining mahsuli boʻlgan dastlabki agrosanoat korxonalari va agrosanoat birlashmalari paxtachilik, qorakoʻlchilik, bogʻdorchilik sohalarida 20-asrning 60-yillarida paydo boʻlgan („sovxoz zavod“, „kolxoz zavod“lar). 90-yillarning 2-yarmidan agrofirmalar tuzila boshladi. Agrosanoat integratsiyasi agrosanoat ishlab chiqarishning mazmuni, agrosanoat korxonalari, agrarsanoat birlashmalari va agrarsanoat majmualari bu jarayonning turli shaklda rasmiylashuvidir. Agrosanoat integratsiyasida Agrosanoat integratsiyasi rivoji fan-texnikaning yangi yutuqlariga tayangan holda eng yuqori mehnat unumdorligini taʼminlash va harajatlarni keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |