Agrotexnik himoya usuli (oʻsimliklar himoyasida) — zararkunanda hasharotlar va kasalliklarning mavjudligi, yalpi koʻpayishi va keng tarqalishiga tusqinlik qiluvchi sharoitlarni yaratishga qaratilgan agrotexnik chora-tadbirlar. Bu usulda zararkunandalarning qishlashi, yashab qolishi va rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratiladi. Agrotexnik himoya usuli urugʻlik va koʻchatlarni ekishga tayyorlash, tuproqni ishlash va ekish usullari, muddatlarini tanlash, oʻgʻitlarni qoʻllash, ekin navlarini tanlash boʻyicha muayyan tadbirlarni qamraydi. Agrotexnika orqali ekologik sharoitni oʻzgartirib, oʻsimliklarni hasharot va kasalliklardan himoya qilishga faol taʼsir koʻrsatish mumkin. Dehqonchilikda Agrotexnik himoya usulining asosiy choralariga: almashib ekish, oʻsimlik qoldiqlarini kuzda yigʻishtirib olish, yerlarni tekislash, kuzda chuqur haydash, yaxob berish, gizellash, gʻoʻza, makkajoʻxori va boshqa oʻsimliklar qator oralariga ishlov berish, dala atrofidagi daraxtlarni parvarishlash, urugʻlik beda maydonlarini kuzda qayta haydash, pichanga moʻljallangan bedazorlarni erta bahorda borona qilish va boshqa kiradi. Ekinning bir turini bir dalaning oʻzida uzluksiz ekish zararkunandalarning yigʻilib qolishi hamda ularning keskin koʻpayib ketishiga sabab boʻladi. Ekinlarning almashib ekilishi zararkunandalarning meʼyoriy yashash sharoitini buzadi, rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratadi. Agrotexnik himoya usuli ekinlarining chidamli navlarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi hasharot va kasalliklarga qarshi agrotexnik kurashning eng istiqbolli usullaridandir. Agrotexnik himoya usuli. oʻsimliklarni hasharot, kasallik va begona oʻtlardan himoya qilish usulining tarkibiy qismidir (qarang Oʻsimliklarni himoya qilish).

Adabiyotlar

tahrir
  • Alimuhamedov, Sulton. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil