Agrotexnologiya – dehqonchilik texnologiyasi, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish usullari tizimi. Agrotexnologiyaning nazariy asosi – agronomiya. Agrotexnologiya quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi: almashlab ekish, tuproqqa ishlov berish, oʻgʻitlar solish; urugʻlikni ekishga tayyorlash, ekish, ekinlarni parvarishlash, begona oʻtlar, kasalliklar va hasharotlarga qarshi kurash, hosilni yigʻib olish. Yerni haydash, tekislash, boronalash va ekishga tayyorlashning boshqa usullari, oʻgʻitlash, sugʻorish, urugʻni ekishga tayyorlash (saralash, dorilash, ivitish va boshqalar), ekish va hosil yigʻib-terib olinguncha oʻsimlikni parvarish qilish ishlari Agrotexnologiya usullariga kiradi. Agrotexnologiyaga almashlab ekishni joriy qilish, oʻsimlik qoldiqlarini daladan yigʻishtirib olish, kuzgi shudgorlash, yaxob berish, sifatli urugʻlik tanlash, ekish sxemalarini toʻgʻri qoʻllash, normal koʻchat qalinligiga erishish, oʻgʻitlardan toʻgʻri foydalanish; ekinni qatʼiy tartib boʻyicha sugʻorish, oʻsimlikning ildizini zararlantirmaslik, ekinzorlarni begona oʻtlardan toza tutish, zararkunanda va kasalliklarga chidamli navlarni ekish va hokazo ham kiradi. Bunga har bir mintaqaning tuproq iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga fan yutuqlari va ilgʻor tajribaning yangi, yanada samarali usullarini joriy qilish yoʻli bilan erishiladi. Agrotexnologiya jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari rivoji bilan uzviy bogʻlangan. Ibtidoiy jamoa va undan keyingi davrlarda Agrotexnologiya sodda qurollar hamda qoʻl kuchiga asoslangan edi. Yerlar omoch, mola kabi qurollar yordamida ishlanardi. Agrotexnologiyaning takomillashgan usullari jahonda 18-asr oxiri, 19-asr boshlarida shakllandi, natijada qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari mashinalardan foydalanish, tabiatshunoslik va agronomiya fanlarining koʻrsatma va tavsiyalari asosida yetishtiriladigan boʻldi. Ayniqsa, 19-asrda mashinasozlik sanoatining rivojlanishi murakkab qishloq xoʻjaligi texnikasini dehqonchilikda qoʻllash imkoniyatini tugʻdirdi. 20-asrda esa qishloq xoʻjaligi uchun traktor, kombayn, kultivator, oʻgʻitlagichlar va boshqa mexanizmlar koʻplab ishlab chiqariladigan boʻldi, mineral oʻgʻitlardan foydalanish koʻpaydi. Bularning hammasi va agronomiya fanining rivojlanishi Agrotexnologiyaning takomilla-huviga qulay sharoit tugʻdirdi. Hozirgi zamon Axi ekologik sharoitlar, qishloq xoʻjaligi texnikasining ishlash qoidalarini oʻrganuvchi tabiiy hamda texnika fanlari yutuqlariga asoslanadi. Agrotexnologiyani toʻgʻri qoʻllashning zaruriy sharti uning kompleksligi va tuproq-iqlim sharoitlari, ekinning biologik xususiyati, navlari va ularning qaysi maqsadlarda ishlatilishiga eʼtibor berishdir. Oʻsimlik hayot omillarining muddatlari, almashtirib boʻlmasligi hamda teng ahamiyatdorligi va boshqa qonunlar Agrotexnologiya usullarini birgalikda qoʻllashning ilmiy asosi hisoblanadi. Masalan, oʻgʻit solishda belgilangan muddat va miqdorni oʻzgartirish (ayniqsa sugʻoriladigan sharoitda) yoki vegetasiya davriga qarab oʻsimlikka beriladigan azotni fosfor bilan almashtirish mumkin emas. Ekinlardan yuqori hosil olish uchun ularni muayyan nisbatlarda barcha zaruriy hayot omillari (yorugʻlik, issiqlik, havo, namlik, oziq moddalar) bilan taʼminlash zarur. Agrotexnologiya tadbirlari har bir mintaqa, zona, xoʻjalikning tuproq-iqlim sharoitiga hamda ekinlarning turiga qarab ishlab chiqiladi va oʻtkaziladi. Mas, tuprogʻi shoʻrlangan hududlarda shoʻr yuvish asosiy ahamiyatga ega. Shu sababli bunday joylarda ekinlar uchun zararli boʻlgan, ekinning ildiz qismi joylashadigan tuproq qatlamidagi erigan tuzlarni yoʻqotadigan Agrotexnologiya usullariga asosiy eʼtibor beriladi. Namgarchilik kam boʻladigan rayonlarda, shuningdek yengil tuproqli yerlarda tuproqda nam toʻplashga imkon beradigan Agrotexnologiya usullariga eʼtibor qilinadi. Ekinlarni toʻgʻri almashlab ekish, haydalma qatlamni chuqurlashtirish, mahalliy va mineral oʻgʻitlar solish yoʻli bilan tuproqni oʻsimlik uchun zarur oziq moddalar bilan boyitish hamda uning fizik xususiyatlarini yaxshilash Agrotexnologiyaning asosiy maqsadidir. Agrotexnologiya ekinning va navning oʻziga xosligi hamda ekinning xoʻjalik ahamiyatiga koʻra ham tabaqalashadi. Masalan, makkajoʻxori, kungaboqar silos uchun yoki don uchun, zigʻir tola yoki urugʻi uchun, piyoz barra yoki bosh piyoz olish uchun eqilganda oʻziga xos Agrotexnologiya qoʻllanadi. Agrotexnologiya tadbirlarini toʻgʻri qoʻllash qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirish bilan birgalikda hosil sifatiga ham ijobiy taʼsir etadi. Oʻzbekistonda ilmiy muassasalar tarmogʻi ekinlar Agrotexnologiyasini ishlab chiqadi. Ularning samaradorligi ilmiy tadqiqot institutlari va tajriba stansiyalarida sinovdan oʻtganidan keyin xoʻjaliklarda joriy etiladi. Abdurahim Ermatov.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil