Ahmad Jaloyir ibn Sulton Uvays (?-1410) — Jaloyiriylar sultoni (1382-1410). Akasi Husayn hukmronligi davrida Basra noibi boʻlgan (1375-yildan). 1382-yil isyon koʻtarib poytaxt Tabrizni egallagan va akasini qatl etishga farmon bergan; biroq qolgan akalari bilan boʻlgan shiddatli kurashlardan soʻnggina davlatning oliy hukmdori deb tan olingan (1384-yildan). Hukmronligining dastlabki yillari (1386-87)da Tabrizni Toʻxtamishxon, soʻng Amir Temur, keyin qora qoʻyunlilar boshligʻi Qora Muhammad egallagan. 1393-yil Tabrizdan keyingi ikkinchi yirik shahar — Bagʻdod ham Temur tomonidan zabt etilgan. Ahmad Jaloyir Misrga qochgai va 1394-yil yanvarda Bagʻdodga qaytib, qora qoʻyunlilardan Qora Yusuf yordamida bir necha yil hokimiyatni boshqargan. 1401-yil iyulda Bagʻdod Temur tomonidan ikkinchi marotaba fath qilingan; Ahmad Jaloyir shaharni ilgariroq tashlab chiqib Qora Yusuf bilan birga avval Shom (Suriya) ga, soʻngra Kichik Osiyoga yoʻl olgan. Temur va Boyazid oʻrtasidagi urushyaan foydalanib, Bagʻdodni qisqa muddat egallab turgan, soʻng ittifoqchisi Qora Yusuf bilan yana Shomga qochgan. Bagʻdodni egallagan temuriy shahzoda Abu Bakr ularni taʼqib qilgan. Shomda Ahmad Jaloyir va Qora Yusuf hibsga olingan va 1405-yilda, Temur vafotidan soʻnggina ozod qilinganlar. 1410-yil 30-avgustda Ahmad Jaloyir qoʻshini Tabriz yaqinida Qora Yusuf tomonidan tor-mor keltirilgan, oʻzi esa qatl etilgan. Manbalarga koʻra, Ahmad Jaloyir shafqatsiz, makkor hukmdor boʻlsada, jasur jangchi, olimlar, shoirlar rahnamosi boʻlgan, arab va fors tillarida sheʼrlar hamda musiqaga oid bir qancha risolalar yozgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil