Akan — Gana va Kot-d’Ivuar hamda Togoda yashovchi oʻzaro yaqin xalqlar (ashan-ti, fanti, akim, akvapim, anʼi, baule, gonja, krachi, abrong va boshqalar) guruhi. Ganada 7,76 mln. dan ziyod. Kot-d’Ivuarda 2,3 mln. va Togoda 50 ming kishi yashaydi (1987). Akan va boshqa kva tillarida soʻzlashadi. A.larda qad. diniy eʼtiqodlar (animizm, ajdodlar ruhiga sigʻinish) bilan birga, katolik dini ham keng tarqalgan, musul-mon sunniylar ham bor. Negroid irqiga mansub. A. tarkibidagi xalqlardan biri — ashanta 18-19-asrlarda bir qancha qoʻshni qabilalarni birlashtirib, Ashanti davlatini tashkil qilgan edi. 19-asrning oxirida Ashanti davlati ingliz mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. Milliy ozodlik kurashi kuchayishi tufayli, 1957-yil A.larning katta bir qismi ingliz mustamlakasi asoratidan ozod boʻlib, mustaqil davlat (hozirgi Gana)ga birlashdi. A.lar, asosan, dehqonchilik (kakao oʻstirish) bilan, ayrim tumanlarda chorvachilik (qoramol boqish) bilan shugʻullanadilar.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.