Aktyorlik sanʼati — aktyor ijrochiligi, teatr, kino, televideniye va radiola badiiy obraz yaratish sanʼati. Aktyor maʼlum rolda oʻynar ekan, oʻz qahramoni qiyofasiga kirib, uning feʼl-atvorini, ichki dunyosi va institutilishlarini ifodalaydi. Bunda u pyesa, libretto yoki ssenariydagi mazmunni oʻz ijodi, hayotiy tajribasi bilan boyitadi, jonlantiradi. Obraz yaratishda aktyorning nutqi, gavdasi, yuz va koʻz imo-ishoralari, tuygʻulari, idroki asosiy vositalardir. Aktyor grim, libos, baʼzan niqobdan foydalanadi, gavdalantiradigan kishisi yoki boshqa mavjudotga yarasha xatti-harakat, ohang, imo-ishora topadi, ichki va tashqi tomonni bir-biriga uygʻunlashtiradi. Aktyorlik sanʼati ijrochilarning dunyoqarashi, shaxsiyati, ijodiy oʻziga xosligiga tayangan holda hayotiy voqelikni aks ettiradi. Sanʼat turlari (drama, opera, balet, kino, telefilm, telespektakl, radioteatr) va turli-tuman janrlarga qarab Aktyorlik sanʼati bir qator uslublar va yoʻnalishlarga boʻlinadi. Sahnada ijod qiluvchi aktyorni yuzlab tomoshabin bevosita kuzatib turadi. Shuning uchun u har bir soʻzni baland tovush bilan aytishga, har bir harakatni boʻrttirib koʻrsatishga majbur. Kinoda boshqacha: ovozsiz kinoda faqat harakat, imo-ishora bilan inson feʼl-atvori ochib berilgan, kino ovozli boʻlgach, aktyor kino kamerasi roʻparasida ko`proq qahramonning ruhiy holatini ochishga oʻtdi. Televideniye ham aktyordan tabiiylikni talab qiladi. Radioteatrda esa aktyorlarning o`zlari koʻrinmaydi, ovozlari eshitiladi, xolos. Shu boisdan ovoz imkoniyatlari keng ishlatiladi. Balet spektakllarida obrazlar raqqos va raqqosalarning muayyan musiqa mazmunini ifodalovchi tana, qul harakatlari, aylanishlari, yuz va koʻz imo-ishoralari vositasida yaratiladi. Operada ijrochining musiqiy ohanglari, obraz sur’ati kompozitor tomonidan belgilangan, dirijyor rahbarligida orkestr tomonidan oʻzlashtirilgan boʻladi. Aktyor kompozitor belgilagan, orkestr o`zlashtirgan ohang va usullarni oʻz jozibasi, ovozi, his-tuygʻulari bilan boyitadi. Musiqali teatr turi (opera, balet, operetta, musiqali drama)ga qarab artistning aytish va sahnaviy harakatlari har xil boʻladi. Ammo umumiy jihat shuki, musiqali teatr artisti xonandalik, aktyorlik, raqqoslik sohalarini puxta oʻzlashtirgan, sintetik qobiliyatga ega boʻlishi kerak. Oʻzbek Aktyorlik sanʼati qadim tarixga ega. Uning sarchashmalari ibtidoiy jamiyatdan boshlangan: tabiat hodisalariga topinish, ibtidoiy odamlarning eʼtiqodlariga doir marosimlardan, ovchilik bilan bogʻliq koʻpchilik boʻlib ijro etiladigan oʻyinlar, pantomimalardan kelib chiqqan. Aktyorlik sanʼati badiiy ijodning alohida turi sifatida mil. av. V asrda Hindiston, Yunonistonda shakllanadi. Keyinchalik Qadimiy Rimda rivojlandi. Ilk davlatlar va shaharlarning paydo boʻlishi natijasida Turkistonda ham Aktyorlik sanʼati ning oʻziga xos ilk koʻrinishlari shakllandi. Ellinizm davrida (miloddan avvalgi III-I asrlar) vujudga kelgan Aktyorlik sanʼati anʼanalari XX asr boshlarigacha yetib kelgan. U ijtimoiy timsol — obrazlar yaratishda oʻziga xos uslub va ifoda vositalariga ega boʻlgan. Obraz yaratishda psixologik tahlildan koʻra nutqning serboʻyoqligi, mubolagʻa, badiha, kulgi vositalaridan keng foydalanish, harakat, imo-ishora, ohanglarni boʻrttirishga institutilishgan. Antik davrda hozirgi Oʻzbekiston hududida ham tragik aktyorlar ish koʻrgan. Oʻrta asrlarda Movarounnahr, Fargʻona vodiysi, Xorazm vohasida hajv va hazil vositalaridan foydalangan masharalar, muqallidlar, jiddiy yoʻsinda hikoya qiluvchi maddohlar, qissaxonlar, voizlar, goʻyandalar faoliyat koʻrsatganlar. XX asrda maydonga kelgan Yevropa tipidagi yangi oʻzbek teatrida Aktyorlik sanʼati yanada taraqqiy etdi. U jahon teatri va Aktyorlik sanʼati tajribalarini ijodiy oʻzlashtirish, qadimiy milliy teatr ijrochilik anʼanalarini rivojlantirish yoʻlida kamol topdi. Aktyorlar dramaturg tasvirlagan voqelikni, pyesa qaxramonlarining ichki dunyosini ochishga, obrazning gʻoyaviy maʼnosini chuqur talqin qilishga oʻrgandilar. 20-30-yillar oʻtkir satirik yoʻnalish, maishiy tafsilot, yorqinlik, boʻrttirma oʻzbek Aktyorlik sanʼati ga xos boʻlgan. A. Hidoyatov, gʻ. Islomov, M. Miroqilov, R. Pirmuhamedov va boshqa ak-tyorlarning ijodlari bunga misoldir. 40-yillarning oxiri — 50-yillarda oʻzbek aktyorlari ijodida yirik falsafiy umumlashma, zamonaviy joʻshqinlikka intilish kuchaydi. O.Xoʻjayev, Sh. Burhonov, S. Eshontoʻrayeva, 3. Sadriyevalar yaratgan tarixiy va mumtoz obrazlar gʻoyaviy teranligi, badiiy yetukligi bilan oʻzbek A.sni yuqori pogʻonaga koʻtardi. Shu yillarda qahramonona-romantik, falsafiy-badiiy, ijtimoiy-maishiy ijrochilik yoʻnalishlari va milliy ijrochilik maktabi shakllandi. Teatr aktyorlari kino, teleradio sohalariga dadil kirib borib, mazkur sanʼatlar ijrochiligining shakllanishiga hissa qoʻshdilar. Ushbu sanʼatlarni mukam-mal egallagan R. Pirmuhamedov, R. Hamroyev, N. Rahimov, Sh. Burhonov, Ya. Sarimsoqova, O. Jalilov, H. Umarov, Yo. Axmedov, P. Saidqosimov, Oʻ. Alixoʻjayev, D. Qambarova, I. Ergashev, Yo. Saʼdiyev, T. Shokirova kabi aktyorlar avlodi yetishdi. 60-90-yillarda Oʻzbek Aktyorlik san`atida ijodiy yoʻnalishlar koʻpaydi, teatrda, teleradioda, sirkda ijod qiluvchi ijrochilarning bir-birlariga taʼsirlari kuchaydi. O. Norboyeva, E. Komilov, G.Jamilova, H. Nurmatov, R. Ahmedova, M. Abduqunduzov, T. Moʻminov, M. Rajabov kabi aktyorlar mavjud anʼanalarni oʻzlashtirish yoʻlidan bordilar. Oʻzbek operasi, musiqali drama teatrlarida T. Jalilov, M. Ashrafiy, T. Sodiqov, S. Yudakov, M. Leviyev, I. Ak-barov kabi kompozitorlarning musiqa asarlari asosida ijrochilik maktabi shakllandi. M. Qoriyoqubov, H. Nosirova, L. Sarimsoqova, K. Zokirov, S. Qobulova, S. Yarashev, Sh. Rahimova, G. Izmaylova, B. Horiyeva va boshqa shu maktab vakillaridir. Oʻzbekiston mustaqilligi davrida sahnaviy janrlarning oʻzaro taʼsiri, yangi birikmali uygʻun janrlarning paydo boʻlishi atyorlik san`atida ham ijro va ifoda vositalarining yanada boyishiga olib keldi. Drama teatrida ashula va raqs vositalarini keng qo`llash, musiqa teatrida dramatizm, ichki kechinmalarning kuchayishi, bolalar teatrida barcha ijrochilik yoʻnalishlaridan bahramand boʻlish shundan dalolatdir. Bu davrda qoʻlga kiritilgan chinakam ijodiy erkinlik atyorlik san`atida ham o`z aksini topdi: milliy anʼanalarga eʼtibor, ijodiy izlanish, yangi shakl va vositalar izlab topish, badiyagoʻylik kuchaydi. Aktyorlar oʻz isteʼdodlari, imkoniyatlarini turli janrlarda sinab koʻrish va toʻliq roʻyobga chiqarish imkoniga ega boʻldilar. Muhsin Qodirov[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil