Akvarium baliqlari
Akvarium baliqlari — akvariumda yashab va koʻpaya oladigan baliqlar. Koʻpchilik turlari maydaligi, antiqa qiyofasi va ajoyib rangi bilan boshqa baliqlardan ajralib turadi. Aksariyat akvarium baliqlari tabiiy sharoitda tropik va subtropik oʻlkalardagi chuchuk suv havzalarida yashaydi. Dengiz baliqlarini akvariumda koʻpaytirish qiyin. Akvarium baliqlariga karpsimonlar (barbuslar, danio, kardinal va boshqalar), haratsinidlar (neonlar, tetralar va boshqalar), karptishlilar (gambuziya, guppi, platipesil, afiosemionlar va boshqalar), okunsimonlar (gurami, ipdorlar, xoʻrozchalar, skalyariylar, sentrarxidlar, sixlidlar va boshqalar), laqqasimonlar (kallixtidlar) oilalariga mansub boʻlgan bir necha yuzlab turlar kiradi. Akvarium baliqlari orasida ayniqsa guppi, danio, barbuslar, skalyariylar, laqqachalar, neonlar, nanostomuslar va boshqa mashhur. Akvarium baliqlarini parvarish qilish va kuzatish organik olamni idrok etishda katta ahamiyatga ega. Akvarium baliqlarini parvarish qilayotgan bolalar dastlabki mehnat faoliyati koʻnikmasiga ega boʻlishadi, ularda jonivorlarga gʻamxoʻrlik qilish odati shakllanadi. Akvarium baliqlari ustida genetika, biokimyo va bionika sohasida turli tadqiqotlar ham olib boriladi. Masalan, guppi va medaklar ustida genetik tadqiqotlar oʻtkazilgan. Uzoq formalarni chatishtirish orqali akvarium baliqlarining yangi zotlari chiqarilgan. Zamonaviy akvariumlarda ilmiy tadqiqot maqsadlarida har xil baliqlar, jumladan yirik akulalar ham boqiladi. Bunday akvariumlarda baliqlarning hayoti, xulq-atvori oʻrganiladi, yangi zotlar chiqarish ustida seleksiya ishlari olib boriladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |