Al-komil fi-t-ta’rix
Al-komil fi-t-taʼrix (Mukammal tarix) – tarixiy asar. Muallifi arab tarixchisi Ibn al-Asir (1160–1234). Asarda dunyoning yaratilishidan to 1231-yilgacha Sharq mamlakatlarida boʻlib oʻtgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bayon qilingan[1]. Asar 12 jilddan iborat boʻlib, Sharq mamlakatlari, xususan Oʻrta Osiyo xalqlari tarixini yoritib beruvchi manbalardan biri hisoblanadi[1]. Al-komil fi-t-taʼrix asarida Tabariyning saqlanib qolmagan „Kitob fi axbor vuloti Xuroson“ (Xuroson hukmdorlari haqida axborot beruvchi kitob) asari maʼlumotlaridan foydalanilgan[1]. Asarning I-II jildlarida dunyo yaratilishidan 931-yilgacha boʻlgan jarayonlar yozilgan va Tabariy, Balazuriy, as-Salomiy va boshqalar asarlaridan keng foydalanilgan[2]. Al-komil fi-t-taʼrix asarining VII–XII jildlari mustaqil ahamiyatga ega va aniq maʼlumotlar asosida yozilgan. Asarda Oʻrta Osiyoda yuz bergan muhim va aniq voqealarni uchratish mumkin. Ayniqsa XII jildda moʻgʻullar istilosi haqida maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, XIII asr birinchi choragida siyosiy tarixni oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi[3]. Al-komil fi-t-taʼrix asari Buxoro tarixini oʻrganishda ham muhim ahamiyatga ega. Asarda Buxoroda hukmronlik qilgan somoniylar davri voqea-hodisalarini, Xorazmshoh Muhammad bilan Buxoro munosabatlarini uchratish mumkin[3]. Bundan tashqari asarda Ismoil Somoniy va Amir ibn Lays oʻrtasidagi munosabatlar haqida maʼlumotlar mavjud[3]. Asar matni uch marotaba 1851, 1876, 1901-yillarda chop etilgan. Asarning ayrim parchalari Krimskiy va Mednikov tomonidan rus tiliga tarjima qilingan. Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (1863–1910) davrida toʻliq ravishda asar oʻzbek tiliga Muhammad Sharif oxund va Narzulla muftiy tomonidan tarjima qilingan[2].
Muallif(lar) | Ibn al-Asir |
---|---|
Til | arabcha |
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 Аҳмедов 2001, s. 135.
- ↑ 2,0 2,1 Аҳмедов 2001, s. 136.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Тўраев 2023, s. 41.
Adabiyotlar
tahrir- Аҳмедов Б. Ўзбекистон тарихи манбалари. Тошкент: Ўқитувчи, 2001 — 352-bet.
- Тўраев Ҳ. Бухоро тарихи ёзма манбалари. Бухоро: Durdona, 2023 — 204-bet.