Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (أبو جعفر محمد بن جرير الطبري) (839/225, Tabariston (Eron)ning Amoʻl shahri — 923/311, Bagʻdod) — Islom tarixchisi va ilohiyotchisi, jaririya mazhabining asoschisi. At-Tabariy „Paygʻambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi“, Qur’on tafsiri va islom fiqhi boʻyicha asarlar muallifi.

Ibn Jarir at-Tabariy
ابن جرير الطبري
Tavalludi
Muhammad ibn Jarir ibn Yazid ibn Kasir at-Tabariy

839-yilda
Amoʻl shahri (Eron)
Vafoti 16-fevral 923-yilda
Bagʻdod (Iroq)
Fuqaroligi Abbosiylar davlati
Dini Islom, sunniylik hamda jaririya mazhabi
Otasi Jarir ibn Yazid at-Tabariy

Tarjimayi holi

tahrir

At-Tabariy Tabaristonning Amul shahrida (hozirgi Eron shimolidagi shahar) zodagon oilada tugʻilgan. Amul shahrida dastlabki taʼlimni olgan. Yetti yoshida u hofiz (Qurʼonni yoddan biluvchi), sakkiz yoshida imom hisoblangan. 12 yoshida u oʻqishni davom ettirish uchun oʻz uyini tark etib, avval Rayda mashhur muhaddis va faqihlar qoʻlida oʻz bilimini oshirgan, soʻngra Bagʻdod, Basra, Kufaga borib, zamonasining mashhur ulamolariga shogird tushgan. Suriya, Falastin va 867-yilda Misrga borganida yetuk olim sifatida eʼtirof etilgan. U Bagʻdodga qaytgach, „Al-Jaririyya“ deb atalgan oʻzining fiqh (huquq) maktabiga asos solgan. Uning tarafdorlari Ibn Hanbal qarashlarini tanqid qilishgan. Ahmad ibn Komil Abu Bakr, Abdulaziz ibn Muhammad Tabariy, Abdulloh ibn Ahmad Farg‘oniy uning yetuk shogirdlaridan bo‘lishgan. [1] U umrining oxirlarida hanbaliy mazhabi tarafdorlaridan biri al-Barbahariy nizoga ketishgan..

Asarlari

tahrir

Tabariy fiqh va tarix ilmlarini mukammal egallab, bu ilmlar va Qurʼon, hadislar boʻyicha arab tilida 20 dan ortiq asarlar yozgan. „Kitob ixtilof al-fuqaho“ („Faqihlarning ixtiloflari haqida kitob“) asari turli maktablarga mansub faqihlar dunyoqarashining tahliliga bagʻishlangan. Qurʼoni karim tafsiriga bagʻishlangan „Tafsir al-Qurʼon“ (20 jild, 30 jild qilib nashr etilgan) asari uni musulmon olamiga tanitgan. Qolaversa, u koʻplab musulmon din olimlari tomonidan Qurʼonning eng yaxshi tafsiri sifatida eʼtirof etilgan[2]. An-Navaviy at-Tabariy haqida shunday yozadi: „Uning tarixga oid mashhur kitobi va tafsiri borki, uni hech kim yozmagan…“[3]. Jaloliddin as-Suyutiy ham u haqida shunday fikrda: „… Imom Abu Jafar ibn Jarir at-Tabariy tafsiri, u haqida hurmatli ulamolar u zotga oʻxshagan yozma tafsir yoʻqligiga ittifoq qilganlar“[4].

Arab tarixiy adabiyotida u „musulmon tarixshunosligining otasi“ sifatida birinchi oʻrinlardan birini egallaydi. At-Tabariyning „Tarix ar-rusul val-muluk“ („Paygʻambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi“, „Tarixi Tabariy“ nomi bilan mashhur) asarida dunyo yaratilishidan to IX asrgacha boʻlgan umuminsoniy tarix boʻlib, islom tarixshunosligining eng yirik asaridir. Bu ish 914-yilda yakunlangan. Asarda, shuningdek qadimgi Eron podshohlari, Rim va Vizantiya imperatorlari, xalifalik hududidagi yurtlar (xususan, Xuroson va Movarounnahr)ning tarixi oʻz ifodasini topgan.

Asar Turkiston xalqlarining arab bosqinchilariga qarshi kurashi va qoʻzgʻolonlari (Buxoro, Vardona, Samarqand va Fargʻonadagi janglar; Abu Muslim harakati, Muqanna qoʻzgʻoloni, Rofe ibn Lays qoʻzgʻoloni va hokazo) ham koʻrsatilgan. Asarning toʻliq matn saqlanib qolmagan, muallifning qisqartmasi bizgacha yetib kelgan: Hoji-Xalfaning yozishicha, „Tarixi Tabariy“ dastlab 30 ming varaqdan iborat boʻlsa, keyinchalik muallif matnni yanada qulayroq qilish uchun qisqartirgan. Shunga qaramay Tabariy ijodi ancha kengdir; hatto XIX asr oxiridagi toʻliq qisqartirilgan versiyasi ham Yevropa kutubxonalarining hech birida yoʻq edi.

Tarjimalari

tahrir

Uning arab tilidagi mavjud matni M.Y. de Guye (1836—1909) tarafidan Leydenda 1879-1901-yillar oraligʻida 15 jild qilib nashr etilgan. Bu asarni Balʼamiy qayta ishlab va yangi maʼlumotlar bilan boyitib, fors tiliga tarjima qilgan. Balʼamiy asari („Tabariy — Balʼamiy tarixi“ nomi bilan ham mashhur)ni T. Zotenberg 1874-yilda fransuz tiliga, Muhammad Yusuf Bayoniy 1882-yilda oʻzbek tiliga tarjima qilishgan.

„Tarixi Tabariy“ V.I. Belyayev tomonidan arabchadan rus tiliga qisqartirilgan qolda tarjima qilingan va Toshkentda 1987-yilda nashr etilgan. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti fondlarida bu asarning Muhammad Sodiq Koshgʻariy (18-asrda) tomonidan uygʻur, Bayoniy (19-asrda) tomonidan oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi saqlanmoqda.

Manbalar

tahrir
  • Istoriya at-Tabari, Izbrannie otrivki (perevod s arabskogo V.I. Belyaeva), T., 1987.
  • Materiali po istorii turkmen i Turkmenii. T. 1: Per. V. I. Belyaeva i Ye. A. Razumovskoy. — M.: Institut Vostokovedeniya, 1939.
  • Istoriya prorokov i sarey — ISBN: 978-5-9989-68464, God izdaniya: 2010.

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 628.
  2. Abdul-Aziz ibn Ibraxim ibn Kasim. Putevoditel po nauchnim tekstam = الدليل إلى المتون العلمية. — 1. — Er-Riyad: Dar as-Samayi, 2000. — S. 93—94. — ISBN 9960-36-159-4.
  3. An-Navavi. Taxzib al-asma va-l-lugat. 1/78.
  4. As-Suyuti. Al-Itkan. 4/213.