Ali Banokatiy – toshkentlik alloma va faylasuf. Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Banokatiy husnixat sohibi xattotlardan sanaladi. Qadimda Toshkentni Binkat, Banokat deb ham atashgan. Banokatiy Bagʻdodda vafot etganligidan u kishi bu tomonga kelib taʼlim olgan koʻrinadi. Banokatiy asarlari saqlanib qolmagan, lekin u koʻchirgan asarlar bizgacha yetib kelgan. U arab tili, adabiyoti, falsafasini yaxshi bilgan fozil kishilardan boʻlgan. Arab tilida yozilgan va u koʻchirgan asar Ibn Sino (980—1037) va Nasiruddin Tusiy (?—1273)lar qalamiga mansub. Maʼlumki, Ibn Sino „al-Ishorot va at-tanbixot“ degan asar yozgan. Bu asarga alloma Nasruddin Tusiy sharh bogʻlagan. Tusiy faqatgina mantiqshunos, faylasufgina emas, balki iqtidorli astronom, matematik ham edi. U yozgan asarida, u hoh original va hoh sharh asar boʻlsin, albatta, oʻzi bilgan sohalar aks etishi turgan gap edi. Shu nuqtai nazardan qaraganimizda, Tusiy asarini koʻchirish, uni tushunish va hattotning ilm-maʼrifati, saviyasi bilan bogʻliq boʻlishi turgan gap edi[1]. Banokatiy ana shunday iqtidorli olim va xattot edi. U Nasiruddin Tusiy Ibn Sino asariga yozgan sharhi „Xall al-mushqilot al-ishorot“ asarini koʻchirgan. Shu koʻchirilgan nusxa Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Asar zulhijja oyining oʻninchisida 669-yili koʻchirilgan (21-iyun 1271), hajmi 270 varaq. Bu asar muallifining hayot vaqtida koʻchirilgan. Kitob qoʻldan-qoʻlga koʻp bor oʻtgan koʻrinadi, uning hoshiyasida yozilgan izohlar, soʻzlar shundan darak beradi. Bu kitob sohiblaridan biri 12 muharram 772-yili (1370, 7-avgust) va boshqasi esa 907-yil zulxijja (1502, iyun) deb yozib qoʻyilgan. Keyingi yozuv egasiga asar haj safarida qoʻlga tushgan. Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan bu kitob nusxasidagi yozuvlarga qaraganda, bu kitob oʻlkama-oʻlka kezib, koʻp joylarda boʻlganligi va shu oradan oʻtgan yetti yuz yil ichida koʻpchilik diqqat-eʼtiborini tortib kelganligi maʼlum[2].

Ali Banokatiy
Tavalludi nomaʼlum

Manbalar

tahrir
  1. Muhammadkarimov A. Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob). Toshkent: Toshkentnoma, 2009 — 55-bet. 
  2. Uvatov U. Buyuk yurt allomalari. Toshkent: Oʻzbekiston nashriyoti, 2018 — 424-bet.