Alifbe — dastlabki savod beradigan oʻquv qoʻllanmasi. Alifbe bosma, yozma harflar va ular ifodalaydigan nutq tovushlari, ularning yozilishini oʻzlashtirish, sodda boʻgʻin va soʻzlarni qoʻshib oʻqishga oʻrganish va oʻqilayotgan narsani toʻgʻri tushunish hamda sodda soʻz va gaplarni yozishga oʻrganishga yordam beradi. Maktabxonalarda flifbe boʻlmagan. Uning oʻrniga savod oʻrganish uchun maxsus taxta qoʻllanilgan. Taxtaning bir tomoniga tartib bilan arab harflari, ikkinchi tomoniga esa abjad yozilgan. Talabalar harflarni batamom yod olgandan soʻng abjadxonlikka va haftiyakxonlikka oʻtar edilar. Bu usul asosan 1900-yilgacha davom etgan. Turkiston sarus-tuzem maktablarining hamda yangi usuldagi maktablarning paydo boʻlishi bilan alifbe darsligi yuzaga keldi. 1902-yilda rus-tuzem maktablarining oʻzbek sinflari uchun birinchi oʻzbek alifbesi — „Ustodi avval“ nashr etildi. Bu alifbening muallifi Saidrasul Saidazizov. Kitob 1917-yilgacha 17-marta nashr etilgan. Shu yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning „Adibi avval“ (oʻzbek maktablari uchun birinchi alifbe), Mulla Rustambek ibn Yusufbekning „Taʼlimi avval“, P. Bidanovning „Sullami avval“, A. Avloniyning „Birinchi muallim“, A. Ibodiyevning „Tahsil ul-alifbo“, M. Faxriddinovning „Rahbari avval“ kabi alifbelar nashr qilingan. Keyinchalik Shokirjon Rahimiy yaratgan „Sovgʻa“ darsligi nashr qilingan. Shuningdek, M. Qodirov va boshqalarning „Kattalarga oʻqish“ (1920), F. Ergʻoziyev va A. Yoʻldoshevning „Alifbe“ (1936) kitoblari bosilib chiqqan. 1938-yildan Oqilxon Sharafiddinov tuzgan alifbe nashr qilindi; mazkur alifbe Q. Abdullayeva hammuallifligida qayta ishlanib nashr etildi va oʻzbek maktablarida oʻquv qoʻllanmasi vazifasini bajardi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrda „Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy qilish toʻgʻrisida“ Qonuni qabul qilingach, bir qancha alifbelar tayyorlandi. Xususan, 1996-97 yillarda Oqilxon Sharafiddinov, Q. Abdullayeva va boshqalarning „Alifbe“ („Shodlik“), T. Gʻafforova, E. Shodmonov, R. Eshturdiyevaning „Alifbe“ („Savod“), katta yoshdagilar uchun Y. Abdullayevning „Hamrohim“, „Sovgʻa“, Y. Abdullayev, Sh. Yoʻldoshevaning „Yangi alifbo va imlo“ oʻquv qoʻllanmalari chop etildi.

Yana qarang tahrir

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil