Amfidiploidlar
Amfidiploidlar (yun amphi-yonida, atrofida, diploos — juft va eidos — koʻrinish, tur), allotetraploidlar — turlararo chatishtirish asosida paydo boʻlgan duragaylar xromosomalarining ikkita diploid toʻplamiga ega boʻlgan organizmlar. Amfidiploidlar organizm har bir turdan bittadan diploid xromosomalar toʻplamini oladi. Turkumlararo allotetraploidlar — birinchi marta 20-yil boshida G. D. Karpechenko tomonidan turp bilan karamni chatishtirish orqali olingan. Keyinchalik amfidiploidlar javdar bilan bugʻdoy tritikale, bugʻdoy bilan bugʻdoyiq — bugʻdoy-bugʻdoyiq duragaylari olingan. Amfidiploidlar dastlabki turlarning belgilarini mujassamlashtirgan boʻladi. Masalan, turp bilan karam duragayi rafanobrassika mevasi qoʻzogʻining bir qismi turp, ikkinchi qismi esa karam qoʻzogʻiga oʻxshash boʻladi. B. L. Astaurov ipak qurtlarining ikkita turi (Bombyx mori va V. mandarina)ni chatishtirish orqali amfidiploidlarni olish mumkinligini isbotlaydi. Amfidiploidlarning har bir xromosomasi oʻzining gomologiga ega boʻlishi, meyozda jinsiy hujayralarning vujudga kelishi normal kechishi tufayli amfidiploidlar organizmlar serpusht boʻladi. Amfidiploidlar tabiiy va sunʼiy yoʻllar: urugʻlangan tuxum hujayradagi yoki birinchi avlod (F,) duragaylarining yosh murtagi xromosomalari sonini ikki hissa orttirish; ikkinchi avlodda (F2) amfidiploidlikka olib keluvchi reduksiyalanmagan gametalarni duragaylar birinchi avlodida (Gʻ,) hosil qilish; autotetraploid formalarni chatishtirish va diploid gametalarni qoʻshish; Gʻ, duragayning arxesporiy toʻqimasida xromosomalar sonini ikki hissa koʻpaytirish va boshqa natijasida olinadi. Tabiiy sharoitda amfidiploidlar boʻlinayotgan hujayra xromosomalarining qutblarga ajralish mexanizmiga turli omillar (haddan tashqari yuqori yoki past harorat, toʻqimaning mexanik yoki kimyoviy shikastlanishi) taʼsirida vujudga keladi. Hujayra boʻlinishidagi buzilishlar boʻlinish urchigʻi funksiyasining toʻxtashiga sabab boʻladi va natijada xromosomalarning qutblarga ajralishi, yaʼni navbatdagi sitokinez sodir boʻlmaydi. Seleksiyada amfidiploidlardan turlararo duragaylar pushtsizligini bartaraf etishda foydalaniladi. Amfidiploidlar tur hosil boʻlish jarayonida muhim ahamiyatga ega, ulardan qadimgi turlarni tiklash (resintez) maqsadida foydalanish mumkin. Masalan, yovvoyi olcha (Prunus divarica va R. spinosa)ni chatishtirish orqali ekiladigan olxoʻri (P. domestica)ning olinishi olxoʻrini turlararo duragaylash natijasida kelib chiqqanligini koʻrsatadi. Sayfillo Toʻychiyev.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |