Amin Baxiyev (1937-yil 15-may, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Kegeyli tumani – 2014-yil 27-avgust) – geobotanik, ekolog olim. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000). Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi. Biologiya fanlari doktori (1981), Qoraqalpogʻiston davlat pedagogika institutini tugatgan (1961). Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston filiali botanika sektorining mudiri (1972 – 1983), filial Prezidiumi raisining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1984-yildan), ayni vaqtda geobotanika laboratoriya mudiri, Tabiiy fanlar kompleks instituti direktori (1991-yildan). Baxiyev Amudaryoning quyi qismidagi oʻsimliklar qoplamini oʻrgangan va hamkorliksa geobotanik haritalar tuzish usullarini ishlab chiqqan (shu asosda „Amudaryo quyi qismining hozirgi oʻsimliklar qoplami“ nomli xarita tuzilgan). Ilmiy faoliyati Orol dengizi atrofidagi oʻsimliklar qoplamini saqlab qolish hamda dengizning qurishi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga bagʻishlangan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil