«Amirnoma» – Qoʻqon xonligida yozilgan eng birinchi tarixiy asar. Muallifi Sher Muhammad Akmal Xoʻqandiy. Mazkur asar 1801- yoki 1802-yilda yozilgani taxmin qilinadi, chunki undagi eng oxirgi sana hijriy 1216-yil tarzida tilga olingan.

"Amirnoma"
Muallif(lar) Akmal Xoʻqandiy
Til fors-tojik
Janr(lar)i nasr
Nasta’liq xatida yozilgan avtografi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Muallif haqida tahrir

Akmal Xoʻqandiy (Domullo Shermuhammad, XVIII asr – 1810) oʻz davrining ilgʻor fikrli kishisi boʻlgan. Akmal oʻzbek va tojik tillarida she’r yozgani ma’lum. Biroq uning devoni haligacha topilmagan. U sharq klassiklari, ayniqsa, Hofiz, Sa’diy, Jomiy, Navoiy ijodidan bahramand boʻlgan va ularning asarlariga koʻp muxammaslar bogʻlagan[1]. Akmalning she’rlari koʻpgina bayozlardan oʻrin olgan. U oʻz asarlarida hayotning qoloq tomonlarini tanqid qilgan, xalqni ma’rifatga undagan[2] Akmal Xoʻqandiyning tarjimayi holi Aziz Qayumovning «Qoʻqon adabiy muhiti» kitobida, Poʻlodjon Qayumiyning «Qoʻqon tarixi va adabiyoti» hamda «Tazkirayi Qayumiy»sida yoritilgan. Tarixnavis Avazmuhammad Attor Xoʻqandiy esa oʻz asari «Tarixi jahonnamoyi»da Akmal Xoʻqandiyning «Nasabnomayi tarixi xavonini Fargʻona» nomli asari haqida ham soʻz yuritadi[3].

Asarning qoʻlyozmasi tahrir

«Amirnoma»ning mazmuni juda murakkab boʻlib, janri xususida soʻz yuritish ham ayrim chigalliklarni vujudga keltiradi. Asar Olimxon davrida yozilganiga qaramasdan, bu xonning nomi hech bir oʻrinda eslanmaydi. Aniqrogʻi, muallif uning Toʻraqoʻrgʻon, Isfara va Xoʻjandga qilgan yurishlarini bayon qilarkan, nomini «sohibi qiron» shaklida tilga oladi. Asar oxirida Akmal Xoʻqandiy Toshkent hokimi Yunusxojaning Qoʻqonga yurish qilib, Asht mavzesigacha keyaganini qayd etgan. «Amirnoma»ning yagona nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Kitob fors-tojik tilida nazm va nasrda yozilgan. Uning she’riy qismi 3250 baytdan iborat. Har bir sahifada 13 satr yozuv joylashgan. Qoʻlyozma 133 varaqdan iborat. Xati nasta’liq. Qora va qizil siyohda yozilgan. Kotibi noma’lum. Nusxa avtograf boʻlishi mumkin.

Asarning mazmuni tahrir

Asarning mazmuni quyidagicha:

  • Asar yozilishining sabablari;
  • Paygʻambar na’ti va xulafoyi roshidin madhi;
  • Yaxshi va yomon, qalam va qilichning fazilati, qalamning qilichdan afzalligi;
  • Amir, maliklar, ilm va qalam arboblariga murojaat;
  • Bir necha bobda turli mazmundagi hadislar sharhi keltiriladi;
  • Oltin beshik davri;
  • Amiri sohib qiron (Olimxon)ning Andijon, Isfara va Xoʻjandga yurishlari zikri;
  • Yunusxojaning Asht mavzesiga (hijriy 1216-yili rabialoxir oyining oxiri, yakshanba kuni /milodiy 1801-yil 6-sentabrda) kelgani.

Hukmdorning munosabati tahrir

Mazkur asarning boshqa nusxalari borligi, uning buyurtmachi ta’biga ma’qul boʻlgan yoki boʻlmagani ma’lum emas. Umarxon davrida Akmal Xoʻqandiy saroy shoirlari qatoridan joy olgan boʻlib, Qoʻqon adabiy muhitida munosib oʻrin egallagan. Uning tarixchi sifatidagi iqtidori ham yuqori boʻlgan. Biroq Umarxon oʻz davri tarixini yozishni Abdulkarim (Fazliy) Namangoniyga buyurgan.

Manbalar tahrir

  1. Исабоева Г.С. XIX асрда Қўқон хонлигида маданий ҳаёт. Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация. – Тошкент, 2010. 60–61-б.
  2. Акмал Хўқандий // Ўзбекистон Миллий Энциклопедияси. 1-жилд. – Тошкент: ЎзМЭ. 2000. 178-б.
  3. Воҳидов Ш. Қўқон хонлигида тарихнавислик (генезиси, функциялари, намояндалари, асарлари). – Тошкент: Академнашр, 2010. 139–140-б.