Ampelografiya
Ampelografiya, tokshunoslik (yun. „ampelos“ – uzum va grafiya) – tok turlari va navlarini oʻrganadigan fan. „A.“ terminini birinchi marta polyak tabiatshunosi F. Ya. Saks (1661) qoʻllagan. A.ning ilmiy asoslarini ispan olimi S. Klemente tavsiflab bergan (1806). A. umumiy va xususiy A.ga boʻlinadi. Umumiy A. tok navlari sistematikasi, tasnifi, kelib chiqishi va tarqalishi, shuningdek tadqiqotlar hamda qiyosiy A. usullarini oʻrganadi. Xususiy A. tok navining botanik taʼrifi, ularning agrobiologik va xoʻjalik nuqtai nazaridan texnologik taʼrifi hamda navlarni rayonlashtirish masalalari bilan shugʻullanadi. Tok navlarini tavsiflashda Xalqaro ampelografiya komissiyasi taʼsis etgan (Vena, 1873) yagona tizim qabul qilingan. A. tadqiqotlari ampelografik kolleksiyalarda, davlat nav sinash uchastkalari va uzumchilik xoʻjaliklarida, yovvoyi toklar boʻyicha esa ular oʻsadigan hududlarda oʻtkaziladi. Tadqiqotlar natijalari davriy nashr etiladigan kataloglar va „Ampelografiya“ ilmiy toʻplamlarida eʼlon qilinadi. Tok mevasi – uzumni baholashda qand miqdori, kimyoviy tar-kibi, yetilish davri, qaysi maqsadda foy-dalanish tomonlari hisobga olinadi. A. tadqiqotlari materiallari alohida kitob holida nashr etiladi, davriy nashrlarda yoritib boriladi, shuningdek Parijdagi Xalqaro uzumchilik va vinochilik byurosi nashr etadigan Xalqaro tok navlari registri (roʻyxati)da eʼlon qilinadi. A.ni rivojlantirishda ampelograf olimlardan M. A. Lazarevskiy, A. M. Negrul, P. X. Kiskin, Ye. A. Pa-nasevich, Ye. B. Ivanov, M. M. Mirzayev va boshqalarning hissasi katta. A. tok genofondini oʻrganish va uzumchilik boʻyicha maʼlumotlar bankini yaratishda katta ahamiyatga ega. A. asosida tokzorlardan yuqori hosil olishning ilmiy jihatdan asoslangan texnologiya tadbirlari ishlab chiqiladi, har bir viloyat tuproq-iqlim sharoitiga qarab tok navlari tanlanadi va tavsiya qilinadi. Mas, Samarqand viloyati, asosan, mayizbop uzum yetishtirishga ixtisoslashgan. Oʻzbekistonda tokning 100dan ortiq mahalliy va chetdan keltirilgan navlari oʻstirilmoqda. Keyingi 25-30 yil ichida seleksioner olimlar tanlash va chatishtirish yoʻli bilan bir qancha yangi tok navlarini yaratdilar (Rizamat, Soyaki, Oʻzbekiston muskati va boshqalar).Mahmud Mirzayev, Rixsivoy Joʻrayev.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |