Animalizm, zoolatriya (lot. animal — hayvon) — biror hayvonni ilohiylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan eʼtiqod va tasavvurlar majmui. Animalizmning kelib chiqishi ovchilik eʼtiqodlariga (hayvonlar oʻlgandan keyin tirilishiga ishonish uning harakterli xususiyatidir), totemizmta borib taqaladi. Qadimgi odamlar ovchilik bilan tirikchilik qilgan davrlarda oʻljani qoʻlga kiritish uchun ov oldidan hayvonlarni sehrlovchi turli marosimlar qilganlar (paleolit gʻorlaridagi rasmlar shundan darak beradi). Hayvonlarni eʼzozlash koʻp xalqlarda uchraydi. U odamning hayvondan kelib chiqqanligi haqidagi miflar (keyinroq u urgʻochi hayvonlar odamlar avlodini boqib tarbiyalagan, degan tasavvurlar shaklini ham olgan) da, u yoki bu hayvonni isteʼmol yoki ov qilishning man etilishida, biron qabila, urugʻni hayvonlar nomi bilan atalishi va boshqalarda koʻrinadi. Shimoliy Osiyo va Shimoliy Amerikada ayiqning, Hindistonda sigirning, Avstraliyada kenguruning muqaddas hisoblanishi animalizm qoldigʻidir.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil