Antropometriya (antropo … va yun. metreo — oʻlchayman) — antropologiyaning tekshirish usullaridan biri. U odam organizmi aʼzolarining hamma belgilari (uzunligi, eni, qalinligi, shakli, rangi va hokazo) oʻzgarib turishini miqdoriy tomondan tavsiflab beradi. Olingan maʼlumotlar organizmning ayrim boʻlaklari (bosh, boʻyin, koʻkrak qafasi, qorin va chanoq qismlari, qoʻl va oyoqlar)ga taqqoslanib, oʻsishi yoki oʻzgarishi kuzatib boriladi. Uzunlik, kenglik va burchak belgilari A. asboblari (uchi doʻmboq sirkul, sirgʻanuvchi sirkul, koordinatali sirkul, odam boʻyini oʻlchovchi antropometr, burchakni oʻlchovchi goniometr va jagʻni oʻlchovchi mandibulo-metr va hokazo) yordamida oʻlchanadi. Tana, ayniqsa bosh, yuz, burun, labning oʻlchash mumkin boʻlmaydigan belgilari — rang va shakllari maxsus ishlab chiqilgan shkala va etalonlarga qarab aniqlanadi. A. maʼlumotlaridan kriminalistikada jinoyatchilarni tavsiflash va aniqlashda ham foydalaniladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil