Arg‘uni mirob arig‘ — Buxoro amirligi Qorako‘l tumani Iloti Sa’yn amlogi tarkibiga kirgan qishloq. Mazkur qishloq nomi amirlikda 1914-yilda o‘tkazilgan qishloqlarni ro‘yxatga olish ishlari hujjatlarida qayd etilgan[1].


Arg‘uni mirob arig‘
qishloq
Tegishli Qorako‘l tumani Iloti Sa’yn amlogi
Rahbari oqsoqol
Aholi arg‘inlar
Xaritada

Qishloq nomining kelib chiqishi tahrir

Arg‘uni mirob arig‘ qishlog‘ining nomi etnik nom asosida, ya’ni turkiy xalqlar tarkibida bo‘lgan qadimiy arg‘in (arg‘u, arg‘un, org‘un) qabilasi vakillarining shu joyni makon tutishi asosida kelib chiqqan. Arg‘in so‘zining ma’nosi „aralash“, „qo‘shilgan“, ya’ni bir necha urug‘lardan tashkil topgan demakdir. Tarixiy ma’lumotlarda arg‘in qabilasi 7 urug‘dan tashkil topganligi ko‘rsatilgan.

Qishloqning tashkil topishi tahrir

Arg‘inlarning asl vatani Shimoli-Sharqiy Xitoy, Mo‘g‘uliston va Rossiyaning sharqidagi Orxun daryosi bo‘ylari hisoblanadi. Mahmud Qoshg‘ariyning „Devonu lug‘otit-turk“ asarida bu qabila nomi arg‘u tarzida uchraydi. Arg‘inlarning ajdodlari dastavval VIII—XII asrlarda hozirgi O‘zbekiston hududiga (Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Zarafshon, hozirgi Surxon vohalari), keyinroq Xurosonga o‘sha vaqtdagi turli siyosiy harakatlar natijasida ko‘chib kelib o‘rnashgan. O‘sha davrda arg‘inlarning bir qismi Qorako‘lga ham kelib qolgan[2].

Arg‘inlar Amir Temur hokimiyatini tan olgan va uning saltanatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan qirqta o‘zbek qavmlaridan biri bo‘lgan. Arg‘inlarning urug‘ va qabila boshliqlari Temur va temuriylarning eng ishonchli kishilari bo‘lgan. Ular katta imtiyozli yer egalari — tarxonlar hisoblanishgan. Ular ichidan ko‘plab sarkardalar, davlat arboblari yetishib chiqqan. Shulardan biri Qorako‘l hokimi Sulton Husayn Arg‘unning nomi tarixda saqlanib qolgan. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining „Boburnoma“ asarida uning nomini tilga olib o‘tgan. Aslzoda arg‘in urug‘i vakillarining ayrimlari temuriylar xonadoni bilan qarindoshlik, quda-andachilik munosabatida bo‘lganlar.

Shayboniylar davrida arg‘inlarning oldingi mavqei pasayib, mamlakatning siyosiy hayotiga deyarli aralashmaganlar. Lekin urug‘ vakillari Buxoro xonlari va amirlari davrida hukmdor huzuridagi mashvaratlarda XX asrning 20-yillarigacha ishtirok etishgan.

Mazkur nomdagi boshqa qishloqlar tahrir

Arg‘in degan joy nomlari mamlakatimizning boshqa viloyatlarida (Karmana, Dehnav — Surxondaryo), Rossiyaning Kavkaz mintaqasida ham uchraydi.

Arg‘inlar XX asr boshlaridagi bir qancha turkiy elatlarning (qozoq, qirg‘iz, tatar, turkman, qoraqalpoq) millat sifatida shakllanish jarayonida bevosita ishtirok etganlar va ular tarkibiga singib ketganlar. Arg‘inlar tarkibida arig‘ nomli kichik urug‘ ham borligi qayd qilingan.

Bir narsani unutmaslik kerakki, mazkur qishloqqa nom bergan urug‘ vakillari o‘z nomlarini toponimga aylantirgan holda, hozirda o‘zlari yashamayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday hodisa tarixda ko‘p uchraydi. Bu qishloq ham shu hodisadan mustasno bo‘lmasligi mumkin.

Manbalar tahrir

  1. Населенные пункты Бухарского эмирата (конец ХIХ — нач. ХХ вв.) / Ответственный редактор А. Р. Мухамеджанов. Ташкент: Университет, 2001 — 23 bet. 
  2. Ғайбуллаев С. Қумликлар бағрига яширинган тилсимлар... (мақола ва тадқиқот учун тезислар). Тошкент: Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нашриёти, 2013 — 94 bet.