Arna (qadimgi eroncha Ar(ir) — suv, sanskritcha arnas — suv oqimi) — Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan tarixiy termin. 1) Munis va Ogahiy asarlarida, vaqf va meros hujjatlarida, Xiva xonlari arxivi hujjatlarida „Arna“ soʻzi kanal nomiga qoʻshilib kelgan. Mas, Alfoqarna. Arna atamasi zamirida „suv yoʻli“ degan maʼno yotadi. Xorazmda bosh kanal Arna deb ataladi: Qilichboyarna, Otaliqarna, Shovotarna, Urgancharna va hokazo Oʻzbekistonning baʼzi joylarida, chunonchi Zomin, Gʻallaorol, Jizzax tumanlarida kichik jarni Arna deyishadi. Qozogʻistonda Arna deganda daryo oʻzani, Zarafshon etaklarida quruq oʻzan, boshqa yerlarda soy, daryo tarmogi tushuniladi. Chunonchi Qirgʻizistonda Kattaarna, Kichikarna degan soylar, Dogʻistonda Arnabuloq, Arnagvay nomli joylar bor; 2) buyvolning koʻpincha suvda yashaydigan bir turi arni deb ataladi; bu hayvon Mahmud Koshgʻariyda „suv sigiri“ deb atalgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil