Arrakashlar – oʻtroq qorinli pardaqanotlilar kenja turkumi bir necha oilalarining umumiy nomi. Urgʻochisi arraga oʻxshash tuxum qoʻygichi yordamida oʻsimlik bargi, poyasi va organlariga tuxum qoʻyadi. Lichinkalarining tuzilishi va hayot kechirish xususiyati turli oilalarda bir xil emas. Haqiqiy arrakashlar (Jenthredinidae) lichinkasining 3 juft koʻkrakoyoqlari bilan birga bir juft soxta qorinoyoqlari ham boʻladi, boshqa arrakashlar lichinkasining qorinoyoqlari rivojlanmagan, koʻkrakoyoqlari kuchsiz rivojlangan. Lichinkasi oʻsimliklar ustida ochiq hayot kechiradi (Jenthredinidae oilasi) yoki oʻrgimchak turiga oʻxshash barglarni oʻrab oladigan toʻri ichida yashaydi (tur toʻquvchi arrakashlar – Pamphiliidae). Shoxdor dumli (Siricidae) va poya arrakashlar (Cephidae) poyada yashirin hayot kechiradi. Lichinkasi tuproqqa tushib gʻumbakka aylanadi. Voyaga yetgan arrakashlar gul nektari bilan oziqlanadi, lichinkasi oʻsimliklarga katta ziyon keltiradi. arrakashlarda partenogenez koʻpayish keng tarqalgan, bir yilda 4 tagacha partenogenez boʻgʻini rivojlanadi. Oʻzbekistonda qulupnay arrakashlar (Allanthus cinctus) qulupnay, atirgul va mevali daraxtlarga; otquloq arrakashlar (Ametastogia glabrata) oʻtchil oʻsimliklarga; olcha arrakashlar (Caliroa cerasi) mevali daraxtlarga; don arrakashlar (Cephus pygmaeus) bugʻdoy, arpa va boshqa donli ekinlarga ziyon keltiradi. Kurash choralari yerga toʻqilgan oʻsimlik qoldiqlarini yigʻib olib yoʻqotish, yerni chuqur haydash va chopiq qilishdan iborat.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil