Gilli slanes (nem. Greisen — parchalanish), aspid, qoplama slanes — gilli minerallardan tashkil topgan choʻkindi togʻ jinsi. Gillarning Yer poʻstida bosim taʼsirida zichlanishidan va qisman qayta kristallanishidan hosil boʻladi. Keyinchalik oʻzgarib fillita yoki xloritli slanesga aylanadi. G. s. qatlanish, ajralish xossasiga ega. Suvda ivimaydi. Gilga nisbatan qattiq. Geosinklinal choʻkindilariga xos. Tarkibida gildan tashqari kvars, slyuda, dala shpati va b. mineral zarralari ham boʻladi. Qora, kulrang, goho yashil rangda uchraydi. Oʻzbekistonda Nurota, Zirabuloq-Ziyovuddin, Chatqol-Qurama togʻlarida keng tarqalgan. Xoʻjalikda G. s.ning yonuvchi turlari yoqilgʻi sifatida, boshqa turlari qurilishda, qoplama material, baʼzi bir elektr asboblari, qalam tayyorlashda, qishloq xoʻjaligida oʻgʻit sifatida ishlatiladi. Tarkibida kianit, disten va andaluzit boʻlgan G. s. yuqori temperaturaga chidamli material sifatida ishlatiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil