Assalomu alaykum
Assalomu alaykum (arabcha — sizga tinchlik, salomatlik tilayman) — musulmonlar oʻzaro uchrashganda ishlatiladigan salomlashuv iborasi. Salom qabul qiluvchi „Va alaykum assalom“ („Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman“), deb javob qaytaradi. Assalomu alaykum tanigan va tanimagan musulmonlarga beriladi. Kichik yoshdagilar yoshi ulugʻlarga, ulov mingan odam piyodaga, piyoda ketayotgan kishi oʻtirganga, ozchilik koʻpchilikka salom beradi. Assalomu alaykum koʻpchilik huzuriga kirib oʻtirishda ham aytiladi. Assalomu alaykumni kishi eshitadigan qilib muloyim tarzda aytish lozim. Assalomu alaykum oʻzaro muomala, munosabatning boshi boʻlib, oʻziga xos iliqlik, samimiyat, ochiq koʻngillilik baxsh etadi. Assalomu alaykumni oshkora aytish kishilar oʻrtasida muhabbat paydo etib, oʻrtadagi gina va kuduratlarni ketkazadi. Oʻzidan kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat yuzasidan salom-alik qilish kishilarimiz uchun axloqiy mezon boʻlib qolgan. Assalomu alaykum deyish sunnat, javob qaytarish esa vojibdir.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |