Astrobiologiya (astro… va biologiya) – koinotda hayotning barcha koʻrinishdagi (mikroorganizmlar darajasidan yuqori sivilizatsiyagacha) turlarini oʻrganadigan fan. Astrobiologiya astronomiya, biologiya va biokimyoning yutuqlariga tayanadi va ayrim masalalarni yechishda kosmik biologiya, kosmik tibbiyot bilan bogʻlanib ketadi. Kosmik jism sifatida Yerda, uning dastlabki atmosferasi sharoitida hayotning paydo boʻlishi va rivojlanishi masalasi Astrobiologiyaning asosiy muammosi hisoblanadi.

Bugungi ilmiy maʼlumotlarga koʻra, Merkuriy, Venera va Oyda hayot boʻlishi mumkin emas. Biroq atmosferasi juda siyrak boʻlgan Marsda hayot boʻlishi mumkin. Buni tekshirish maqsadida Marsga qoʻndirilgan kosmik apparatlar „Viking-1“ va „Viking-2“ (1976) (AQSH) yordamida avtomatik tarzda uchtadan tajribalar oʻtkazildi. Mars havosi va jinsi maxsus olib borilgan oziqaga solindi. Avvaliga organik hayot borligini koʻrsatgan tajriba keyin teskari natija berdi. Tajribalar uglevodorodga asoslangan hayotni qidirishga qaratilgan edi. Holbuki hayot boshqa birikmalarga asoslangan boʻlishi mumkin. Bu masala Marsga odam tushirilgan va tajribalar oʻtkazilgandan keyingina uzil-kesil hal boʻladi[1].

Boshqa yulduzlar atrofida hayotni izlash alohida muammo hisoblanadi. Ulargacha boʻlgan masofa uzoq boʻlgani uchun ularni hozirgacha avtomatik apparatlar yordamida tekshirib boʻlmadi. Agar ular atrofida yuqori sivilizasiya bosqichiga erishgan hayot (aqliy faol mavjudotlar) boʻlsa, ular bilan radioaloqa oʻrnatish mumkin boʻlardi. Bu maqsadda 1960-yilda hayot boʻlishi mumkin boʻlgan yaqin yulduzlar tomon radiosignallar yuborildi. Bu signallar biz Yerliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni „olib ketdi“. 1974-yilda sharsimon yulduzlar toʻdasi M13 tomon radiomaktub yuborildi. Javob 48 ming yildan keyin kelishi mumkin (qarang Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar). Astrobiologiyaning sayyoralar yuzida oʻsimliklarni axtaradigan boʻlimi astrobotanika deb ataladi. Har xil sharoitlarda (shuningdek, boshqa sayyoralar yuzasidagi sharoitga yaqin) oʻsimliklarning rivojlanishini oʻrganadi[2].

Manbalar tahrir

  1. Sattorov I., Avtomatik stansiyalar sayyoralarni tekshiradi, T., 1981. Isroil Sattorov.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar tahrir