Avtoelektronika – mashinasozlikka oid elektronika bilimlari va vositalari majmui. Avtoelektronika avtomobil dvi-gatellarining oʻt oldirish mikroelek-144tron tizimlari, boshqaruvni kompyuterlashtirish elektron qurilmalari, yoʻlovchilar uchun turli qulayliklar yaratuvchi elektron tizimlar va boshqa avtomatik qurilmalarni yaratish bilan bogʻliq ilmiy tadqiqot-loyihalash ishlarini oʻz ichiga oladi. Avtoelektronika qurilmalari ishlab chiqariladigan avtomobillarning sifati, puxtaligi va boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilaydi. Keyingi vaqtlarda yangi mikro-elektron integral sxemalar asosida takomillashgan Avtoelektronika qurilmalari yaratildi. Avtomobilsozlikda mikroelektronikaning ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, ekologiya muammolarini hal etishda, avtomobillarni ishlatish xavfsizligini ta’minlashda, ularga xizmat koʻrsatishni yanada qulaylashtirish va boshqa muammolarni hal etishda mikroelektronikaning oʻrni ancha yuqorilashdi. Avtomobillarni avtomatik boshqarishda, ularning ish rejimlari parametrlarini nazorat qilib turishda, turli datchiklar yordamida olinayotgan axborotlarni toʻplash va ularga ishlov berishda, transmissiyaii boshqarish tizimida, dvigatelni boshqarish-toʻxtatish tizimida maxsus datchik, integral qurilmalar va mikroprotsessorli mikrosxemalar qoʻllanilmoqda. Istiqbolda tuzilishi jihatidan bir butun boʻlgan datchiklar va mikroelektron funksional qurilmalar tizimi Avtoelektronikaning rivojlanishini tezlashtiradi va qoʻllanish sohalarini yanada kengaytiradi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil