Avtopoyga
Avtomobil sporti (avtomobil poygasi) – sport avtomobillari va seriyali avtomobillarda oʻtkaziladigan poyga va sport turi. Birinchi avtomobil poygasi 1894-yil 18-noyabrda Fransiyada Parij-Ruan-Parij yoʻnalishi boʻyicha 1200 km masofada oʻtkazilgan. Qoidaga muvofiq tezlik cheklangan (soatiga 12,5 km) edi. Poyga aylanma shosselar, toʻgʻri shosselar, avtodrom, ippodrom, velodrom hamda stadionlarda oʻtkaziladi. Belgilangan masofada rekord qoʻyish uchun maxsus poygalar ham oʻtkaziladi. Poygada qatnashadigan avtomobillarning xalqaro tasnifi (asosiy mezon avtomobil rusumi va dvigatelning ish hajmi) va texnika talablari vaqt-vaqti bilan oʻzgarib turadi. Chet elda jahon chempionligi uchun aylanma shosselarda oʻtkaziladigan avtomobil poygalari va Yevropa chempionligi uchun oʻtkaziladigan avtoralli asosiy musobaqalar hisoblanadi. Xalqaro avtomobil federatsiyasi (1904-yil) tashkil etilgan. Jahon birinchiligi 1925-yildan oʻtkazib kelinadi. 1965-yil noyabrda amerikalik poygachi Kreg Bridlav reaktiv dvigatelli avtomobilda soatiga 966, 554 km tezlikda yoʻl bosib mutlaq rekord qoʻydi. Avtomobil sporti boʻyicha sobiq Ittifoq birinchiligida Riga shahrida Oʻzbekiston jamoasi 1978-yilda birinchi marta qatnashdi. Oʻzbekiston sportchilaridan Murodjon Qayumov eng yaxshi natija koʻrsatdi. 1996-yil Oʻzbekistonda birinchi marta Piskent shahri yaqinidagi „Ujniy“ avtopoligonda tezlik rekordi oʻrnatildi. V. Ye. Aleksandrov 100 km masofada oʻrtacha 118 km/soat tezlikka erishdi. 1997-yil shu joyda birinchi marta Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi. Oʻzbekistonda Avtomobil sportining 264 ta seksiyasi boʻlib, 22395 kishi sportning shu turi bilan shugʻullanadi. 116 947 kishi ommaviy sport razryadiga ega, 41 nafar sport ustaligiga nomzod, 10 nafar sport ustasi bor (1997).
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |