Avtotropizm (avto va yunoncha tropos — harakat, burilish) — biror tashqi omil taʼsirida bukilib qolgan oʻsimlik organlarining oldingi holatini tiklab olish xususiyati. Masalan, boshoqli oʻsimliklarning yomgʻir taʼsirida yotib qolgandan keyin yana boshogʻini tiklab olishi (qarang Tropizm). Avtotroflar, avtotrof organizmlar (yunoncha autos — oʻzi, trophe — oziq, oziqlanish) — fotosintez, fotoreduksiya va xemosintez jarayonlari tufayli noorganik moddalardan oʻz hayoti uchun zarur organik moddalar tayyorlab olish qobiliyatiga ega organizmlar. Avtotrof ga deyarli hamma yuksak oʻsimliklar (parazit va saprofit oʻsimliklardan tashqari), barcha suvoʻtlar va tugunak bakteriyalar kiradi. Fotosintetik oʻsimliklarning xlorofill pigmentini saqlash va yashil tusli boʻlishi ularga xos belgidir. Ular karbonat kislotalar, suv va mineral elementlardan organik moddalarni sintez qilishda Quyosh energiyasidan foydalanadi. Vodorod manbai sifatida uning turli xil birikmalari (vodorod sulfid, uglevodorodlar va boshqalar) dan foydalanadigan ayrim bakteriyalar (toʻq qizil bakteriyalar, yashil oltingugurt bakteriyalar, toʻq qizil oltingugurtmas bakteriyalar) fotosintez jarayoni- fotoreduksiyada ishtirok etadi. Avtotrof bakteriyalar, yaʼni xemosintetiklar ayrim kimyoviy reaksiyalarda yuzaga kelgan energiyadan foydalanib, mineral birikmalardan or-ganik moddalar sintez qiladi (xemosintez). Bularga temir bakteriyalar kiradi; ayniqsa oʻz hayot faoliyati bilan tuproq hosildorligi uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan nitrifikatsiya jarayonini taʼminlaydigan nitrifikatsiyalovchi bakteriyalar muhim oʻrinni egallaydi (yana qarang Geterotrof organizmlar).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil