Ayazqal’a 1 – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Mil.avv. IV-III asrlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanida joylashgan. Obyekt manzili: „Qizilqal’a“ OFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[1][2]. Ayaz-qal’a 1 tabiiy tepalik ustida barpo etilgan. Qoʻrgʻon mil. IV–III asrlarda qurilgan[3].

Ayazqal’a 1
Manzilgoh Beruniy tumani, Qoraqalpogʻiston
Turi Qalʼa
Hudud 182,5 x 152 metr
Tarix
Material Xom gʻisht
Tashkil etilgan Mil.avv. IV-III asrlar
Makon qaydlari
Arxeologlar Sergey Tolstov

Ayazqal’a 1 shahristoni Qizilqum sahrosi chegarasidagi mustahkam qalʼalardan biri boʻlib, koʻchmanchilarning bosqinlariga qarshi mustahkam himoya tizimiga ega. Yodgorlikning oʻzi toʻrtburchak shaklda. Atrofi 10 metr balandlikdagi qoʻsh devor bilan aylantirib oʻralgan. Yodgorlik oʻlchamlari 182,5x 152 metrni tashkil qiladi. Tashqi devorning qalinligi asosida 2,4 metr ichki devorniki— 1,7—2,1 metrgacha yetadi. Devor oʻlchami 37-41 x 10-13 sm boʻlgan xom gʻishtdan qurilgan. Gʻishtlarda ikki yondosh chiziq va bitta dumaloq koʻrinishdagi tamgʻa uchrab turadi. Devorlar orasida butun perimetr boʻylab eni 2,5 m li yopiq yoʻlak boʻlib, shinaklar va quyosh nuri tushishi uchun tuynuklari ham yoʻq, toʻrtburchak gumbaz bilan yopilgan. Balandligi— 1,87 metr[4].

Kirish eshigi qal’aning janubiy devori tarafda boʻlib, sharqiy devorda oʻtish yeri boʻlgan toʻgʻri burchakli darvoza inshooti himoyalangan. Peshdarvoza orqali inshootga kirish joyi toʻgʻri burchak shaklidagi ikki minora bilan mustahkamlangan boʻlib[5], ular bir-biridan 4,4 m masofa uzoqlikda.

Darvoza inshootiga kiraverishning shimoliy tomonida qadimgi xorazm tilida oromiy yozuvida bir qatorda uch belgi va uning ustida bir belgi qoʻyilgan. Belgilar loyga 2—3 mm chuqurlikda tigʻ yordamida tilib yozilgan. Yozuv ustidagi belgini V. A. Livshis qurilish boshligʻining yaʼni ustaning tamgʻasi deb hisoblaydi.

Sergey Tolstov qoldirgan maʼlumotlariga koʻra, „Ayazqal’a“da hayot milodimizning III-IV asrlarigacha davom etgan. Bu yerda arxeologik qazish ishlari olib borilganda II asrda zarb qilingan tangalar topilgan[6].

1965- va 1968-yillarda shimoliy devorda tarafdagi (shimoli-sharqiy burchakdan hisoblaganda) uchinchi hamda oltinchi burjlar yonida, gʻarbiy devor tomondagi janubi-gʻarbiy burjlar oldida, kirish darvoza va janubiy devordagi ikki burj oldida qurilish uchun taxlab qoʻyilgan koʻp miqdordagi gʻishtlar topilgan edi.


Manbalar tahrir

  1. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  3. „AYAZQAL’A“. joqargikenes.uz. Qaraldi: 18-oktabr 2023-yil.
  4. Ходжаниязов Ғ. Қадимги Хоразм мудофаа иншоотлари. Тошкент: OʻZBEKISTON нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2007 — 41 bet. ISBN 978-9943-01-175-5. 
  5. „Аяз-кала“. karakalpakstan.travel. Qaraldi: 18-oktabr 2023-yil.
  6. Asqarxo‘jayeva, M „Chilpiq, Tuproqqal’a va Ayazqal’alarni bilasizmi?“. xabar.uz (2019-yil 29-may). Qaraldi: 18-oktabr 2023-yil.