Ayblanuvchi – jinoiy javobgarlikka daxldor shaxs.

Ayblanuvchi – Oʻzbekiston Respublikasi JPKda belgilangan tartibda ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinishi haqida ayblov qarori chiqarilgan shaxs. Bunday qaror tergovchi yoki prokuror tomonidan chiqariladi[1]. Ushbu Kodeks 46-moddasi 1-qismining talabiga koʻra ayblanuvchi oʻzining nimada ayblanayotganini bilish; oʻziga qoʻyilgan ayblov yuzasidan va ishning boshqa har qanday holatlari boʻyicha koʻrsatuv va tushuntirish berish; oʻz ona tilidan va tarjimon xizmatidan foy-dalanish; himoyachiga ega boʻlish va u bilan holi uchrashish (qarang Advokat, Advokatura); huquqlarini himoya qilishni shaxsan oʻzi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad etish; dalillar takdim qilish; tergovchi yoki surishtiruvchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqish va undan kerakli maʼlumotlarni yozib olish; tergovchi yoki prokuror tomonidan jinoyat ishining tugatilganligiga norozilik bildirish va sud muhokamasi oʻtkazishni talab qilish; birinchi instansiya va kassatsiya instansiyasi sudining majlislarida, sudning ruxsati bilan esa, nazorat instansiyasi sudi majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari ustidan shikoyatlar berish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqida oʻz mulohazalarini bildirish; ish boʻyicha keltirilgan protestlar, kassatsiya shikoyatlaridan xabardor boʻlish va ularga eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir. Ayblanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; dastlabki tergov va sud muhokamasida ishtirok etishdan bosh tortmasligi; dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilmasligi; oʻziga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasidan kelib chiqadigan talablarni bajarishi; guvohlantirish, ekspertiza uchun tibbiy muassasaga joylash-tirish haqidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarorlari va sudning ajrimlari hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual qarorlar ijro etilishiga toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Ayblanuvchi zimmasiga koʻrsatuv berish, shuningdek oʻzining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas. Ayblanuvchiga nisbatan tergov organlari ish sudga oʻtguncha turli ehtiyot choralarini shu jumladan, tilxat bilan ochikda qoldirish, kafillikni qoʻllanishi mumkin. Ayblanuvchi sudga berilgandan soʻng sud qarori bilan jazoga hukm qilinsa, mahkum deb ataladi.[2]

Manbalar tahrir

  1. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT KODEKSI UMUMIY QISM“. Lex.uz. Qaraldi: 13-oktabr 2023-yil.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil