Aymoqlar
Aymoqlar – Afgʻoniston va Oʻzbekistonda yashovchi bir qancha turkiy qabila, urugʻlarning umumiy nomi. XV—XVI asrlarda Fargʻona vodiysida, hozirgi Qashqadaryo viloyatida yashagan. Asrlar oʻtishi bilan Oʻzbekiston hududidagi A. oʻzbeklar tarkibiga kirib, oʻz qabila, urugʻ nomlarini yoʻqotgan, faqat bularning bir qismi Qashqadaryo viloyatida oʻz qabila nomlarini (aymoq) saqlab kelgan. Afgʻonistonda yashagan A. tarkibiga fors-tojik tillarida gapiruvchi bir qancha qabila, urugʻlar kiradi. Hozirgi vaqtda A.– Afgʻonistonning shimoli-gʻarbida yashovchi koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi (firuzkoʻhi, tayman, jamshid, taymurlar) turkiy va tojik tillarida gapiruvchi xalqlarning nomidir.A. Afgʻoniston, Oʻzbekistondan tashqari Eronda ham yashaydilar (ular tayman guruhiga mansub boʻlib, umumiy soni 0,6 mln. kishi). A. islom dinida boʻlib, bir qismi sunniy, bir qismi shia mazhabida (yana qarang Choraymoqlar).
Aymoqlar – moʻgʻul va turkiy xalqlar qadimiy urugʻlarining parchalanishidan kelib chiqqan turli tarmoqdagi oʻzaro qon-qardosh oilalar birlashmasi, ittifoqi; Eron, Afgʻoniston va Oʻzbekistonda yashovchi bir qancha turkiy qabila va urugʻlarning umumiy nomi. “Aymoq” turkiy va moʻgʻulcha soʻz boʻlib, “qabila” degan maʼnoni anglatadi hamda qabilalar ittifoqiga nisbatan ham qoʻllanadi. Afgʻoniston aymoqlari tarkibiga dariy tilida soʻzlashuvchi mamlakatning shimoli-gʻarbida yashovchi koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi choraymoqlar, yaʼni toʻrt urugʻ, qabila: firuzkoʻhi (Murgʻob va Herirud daryolari oraligʻida), tayman (Gʻurda), jamshid (Hirotda) va taymurlar (Hirot va Farahda) kiradi. Aymoqlar islom diniga eʼtiqod qilib, ularning bir qismi sunniy, Eronda yashovchi aymoqlarning maʼlum qismi esa shia mazhabida[1].
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Manbalar
tahrir- ↑ И. И. Бобоқулов. Афғонистон луғат-маълумотнома. Toshkent: «COMPLEX PRINT» нашриёти, 2021.