AynulQuzzot, Abulmaoniy ibn Abdulloh ibn Abubakr Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Ali Miyonjiy Hamadoniy (1099 – Hamadon – 1131) – fors-tojik mutasavvif shoiri, olim va mutafakkiri. Oʻz davrining barcha ilmida tengsiz boʻlib, “zamon oriflari peshvosi”, “asr yagonasi” sifatida ulugʻlangan. Tasavvuf nazariyotchisi. Muhammad Gʻazzoliy taʼsirida boʻlgan. Keyin Abu Ali ibn Sino asarlarini chuqur mutolaa qilib, falsafani oʻrganishga kirishgan. Tasavvufiy asarlarida erkin mushohada yuritib, baʼzi qaltis fikrlarni bayon etgani, ayrim dindorlarni tanqid qilgani uchun dorga osilib, jasadi oʻtda kuydirilgan.

Uning ilohiy hikmatga oid “Yazdonshinoxt” (“Xudoni tanish”), tasavvufning oʻn asosini talqin qiluvchi “Tamhidot” (“Tekislash”), Xudoning sifatlari va zotiga bagʻish­langan “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymogʻi”), shuningdek, “Tafsiri Qurʼon” (“Qurʼon tafsiri”), “Maktubot” (“Maktublar”), “Sharhi kalimoti qisori Bobo Tohir” (“Bobo Tohir soʻzlarining qisqacha sharhi”) asarlari mashhur.

Alisher Navoiy unga “Nasoyim ul-muhabbat”da alohida fasl ajratib, Shayx Muhammad Hammuya va Muhammad Gʻazzoliy bilan suhbatda boʻlgani, Ahmad Gʻazzoliyga maktub yozib oʻzaro fikr almashgani, koʻp karomat sohibi ekanligini qayd etgan[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat". 
  2. "Nasoyim ul-muhabbat".