Ayollar qiziqchiligi
Ayollar qiziqchiligi (teatri) – oʻzbek xotin-qizlari orasida tarqalgan xalq ogʻzaki sanʼatining bir turi. XVIII– XIX-asrlarda xotin-qizlar orasida keng tarqalgan. Masalan, XIX-asrda Qoʻqonda Iqlim dodho degan sanʼatkor rahbarligida ayol qiziqchilar toʻdasi boʻlgan. Ularning repertuari turli xil qiziqchilik, kulgili hikoyalar, hajviy qoʻshiqlar, raqs va yallalardan tashkil topgan. Keyingi davrda ham Ayollar qiziqchiligi (t.) va uning anʼanalari davom etib keldi. Ayollar qiziqchiligi (t.) qurilishi, mazmuni, badiiy vositalari bilan erkak masharaboz va qiziqchilar tomoshalariga yaqin turadi. Farqi shundaki, A.q (t.)da ijodkor ham, ijrochi ham, tomoshabin ham ayollar. Erkaklar rolini ham ayollar oʻynagan. Ayollardan koʻplab taniqli masharaboz va qiziqchilar chiqqan: gʻoʻslik (Samarqand viloyati, Urgut tumani) Qursiya Rustamova, Roʻzi Shoyimova; chopiqlik (Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani) Xongul Olimova, Basgul Qudratova; qibraylik (Toshkent viloyati, Qibray tumani) Salomat Mutalova, Adolat Tursunova; jalaquduqlik (Andijon viloyati) Sojida Niyozmatova, Sottixon Ashurova, Adolat Botirova va boshqa Ular koʻrsatgan ayrim tomoshalarda ijtimoiy masalalar ham koʻtarilgan. Bosh mavzu esa, xotin-qizlarning kundalik hayoti, oʻy-fikri, orzu istagi, tav-diridir. "Oʻsma qoʻyish", "Kundoshlik", "Podachi", "Gung", "Malla devona" kabi asarlarda ayollarning oʻtmishdagi ogʻir mehnati va ayanchli qismati tasvirlansa, "Zambur", "Domla eshon", "Loy sovun" hajviyalarida amaddor va firibgarlar fosh etiladi. Keyingi davrda yaratilgan Ayollar qiziqchiligi (t.) asarlari asosini axloq, turmush, oila va tarbiya mavzuidagi tomoshalar tashkil etdi.Ad.: Qodirov M., Oʻzbek xalq ogʻzaki dramasi, T., 1963.Muhsin Qodirov.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |